AQShda Bayden va Tramp o‘rtasidagi teledebatlarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi
Bayden va Trampning noyabrdagi prezidentlik saylovlari oldidan birinchi teledueli 90 daqiqa davom etdi.
AQShda 27 iyun, payshanba kuni 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi oldidan prezident Jo Bayden va Oq uy sobiq rahbari Donald Tramp o‘rtasidagi ilk teledebat bo‘lib o‘tdi. Siyosatchilar Jorjiya shtati Atlanta shahridagi CNN studiyasida uchrashdi.
AQSh iqtisodiyotidagi vaziyat
Televizion duel AQSh iqtisodiyotidagi vaziyatni muhokama qilish bilan boshlandi. Tramp va Bayden inflatsiya, ish o‘rinlari va soliq siyosati bo‘yicha fikr almashdi. Oq uy rahbari o‘z prezidentligining iqtisodiy muvaffaqiyati deb hisoblagan omillarni sanab o‘tdi hamda «hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p»ligini qo‘shimcha qildi. Inflatsiya Qo‘shma Shtatlarni «o‘ldirmoqda», dedi bunga javoban Tramp.
Shu bilan birga, CNN xabariga ko‘ra, may oyida iste’mol narxlari 2023 yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga oshdi, inflatsiya 9,1 foizga yetdi.
Putinning Ukrainaga qo‘ygan talablari haqida
Immigratsiya va abortni taqiqlash bo‘yicha fikr almashgandan so‘ng, raqiblar moderatorlar tashabbusi bilan tashqi siyosat kun tartibiga o‘tishdi.
Avvaliga Ukrainadagi urush muhokama qilindi. Dana Bash debat ishtirokchilaridan Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini maqbul deb hisoblaysizmi, deb so‘radi. Boshlovchi o‘z savolini ikki marta takrorlashga majbur bo‘ldi, chunki siyosatchilarning birinchi javobi uni unchalik qoniqtirmadi.
Tramp Baydenni Ukrainadagi urushda ayblab, «agar bizda yetakchi bo‘lganida» keng ko‘lamli hujum hech qachon sodir bo‘lmasdi, dedi. «Bu hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan urush», deb ta’kidladi sobiq prezident va Bayden davrida Kiyevga «200 milliard dollar yoki undan ko‘proq» mablag‘ ajratilganini da’vo qildi. «Bu juda ko‘p pul», deya qo‘shimcha qildi u. Putinning talablarini maqbul deb hisoblaysizmi, degan savolga Tramp: «Yo‘q, ularni qabul qilib bo‘lmaydi», deb javob berdi.
Prezident Bayden, o‘z navbatida, Rossiya rahbarini «harbiy jinoyatchi» deb atadi. «Unga butun Ukraina kerak», dedi u. Oq uy rahbari Putin bu bilan to‘xtab qolmaydi, degan fikrni bildirdi. «Sizningcha, Polsha bilan nima bo‘ladi?» - dedi u urush NATO mamlakatlariga tarqalishi mumkinligidan xavotirda ekanini ta’kidlab.
G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha munozara
Keyinchalik siyosatchilar G‘azo sektoridagi vaziyatga o‘tishdi. Baydenning ta’kidlashicha, isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashtirish va uzoq muddatli «qo‘shimcha shartlar bilan o‘t ochishni to‘xtatish» rejasi muhokama qilinmoqda. «Urush davom etishini faqat HAMAS istaydi», dedi Amerika rahbari.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Bashning G‘azo sektorida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun mustaqil Falastin davlatini yaratishni qo‘llab-quvvatlamasligi haqidagi savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi. «Biz o‘ylab ko‘rishimiz kerak», deb javob berdi Tramp va keyin Yevropa davlatlari bilan savdo bitimlarini muhokama qilishga o‘tdi.
81 yoshli demokrat va 78 yoshli respublikachi o‘rtasidagi televizion duel ikki reklama tanaffusi bilan birga 90 daqiqa davom etdi. Bu prezidentlik debatlarining standart davomiyligi. Shu bilan birga, o‘tgan saylov sikllarida reklama tanaffuslari bo‘lmagan, chunki shoularni media-kompaniyalar emas, balki Prezident munozaralari komissiyasi tashkil qilgan.
Ochib beruvchi bayonotlar nazarda tutilmagan edi. Yakuniy murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi qur’a bilan belgilandi. Bayden birinchi bo‘lib tomoshabinlarga murojaat qildi, Tramp efirni tugatdi.
Erta debatlar
Birinchi munozara rekord darajada erta vaqt ichida bo‘lib o‘tdi - ularda qatnashgan siyosatchilar o‘z partiyalaridan AQSh prezidentligiga hali rasman nomzod ham bo‘lmagan. Respublikachilar o‘z nomzodini iyul oyida Miluokida (Viskonsin shtati) o‘tkaziladigan qurultoyda, demokratlar esa avgustda Chikagoda (Illinoys shtati) aniqlashtiradi.
Boshlovchilar sifatida ko‘p yillik tajribaga ega taniqli jurnalistlar Jyeyk Tepper va Dana Bash qatnashdi. Kanal efir boshlanishidan oldin «vaqt talablari va madaniyatli muhokamani ta’minlash uchun o‘z ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanishga» va’da berdi. CNN katta muxbiri Deniyel Deyl munozara paytida raqiblar gaplarini jonli efirda faktchekingdan o‘tkazdi.
Kennedi va Niksondan keyin birinchi marta debatlar studiya auditoriyasiz o‘tkazildi
Jon Kennedi va Richard Nikson prezidentlik uchun kurashganidan beri birinchi marta studiyada tomoshabin bo‘lmadi. Bu formatni takomillashtirish uchun qilingan, dedi DW nashriga Pol Saymon nomidagi davlat siyosati instituti direktori Jon Shou.
Televizion kameralar obektivlari ostida siyosatchilarga faqat qalam, bo‘sh bloknot va bir shisha suvga ega bo‘lishga ruxsat berildi. Munozaralar vaqtida oldindan tuzilgan eslatmalarni ko‘rib chiqish yoki shtab maslahatlaridan foydalanish taqiqlandi. Raqiblar bir-biriga xalaqit bermasligi uchun ikkinchisi gapirayotganda birining mikrofoni o‘chirildi.
Bayden va Tramp 2020 yilda teledebatlar formatida uchrashishgan, o‘shanda chiqishlar shiddatli bo‘lgan, raqiblar bir-biriga ko‘p xalaqit bergan. Bu yil AQSh tarixida birinchi marta Oq uyning amaldagi rahbari o‘zidan oldingi prezident bilan debatga kirishdi.
Ikkinchi teleduel 10 sentabr kuni ABC telekanali efirida bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
15:55
"Hamkor bo‘lmasak, nimani yo‘qotamiz?" – O‘zbekistonning BRICS’dagi ishtiroki haqida suhbat
08:56
AQSh Ukrainaga 1,25 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda
07:50
AQSh AZAL layneri Rossiya HHM zarbasi tufayli halokatga uchragani belgilarini ko‘rmoqda
22:49 / 27.12.2024