Jahon | 20:49 / 29.06.2024
28171
3 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov Aleksandr Bastrikinni tanqid qildi

Checheniston yetakchisi Dog‘istonda sodir etilgan teraktning musulmonlarga aloqasi yo‘qligi, islomda odam o‘ldirishga chorlov yo‘qligini aytdi.

Foto: Mixail Metsel / TASS

Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Peterburg huquqiy forumida chiqish qilar ekan ko‘plab shov-shuvli bayonotlar bilan yodda qolgandi. Rossiya bosh tergovchisi, xususan, o‘lim jazosini tiklash, mamlakatda niqob taqib yurishni taqiqlash kabi takliflarni bildirdi.

Bastrikin terakt sodir etgan odamlar ko‘pi bilan bir umrlik qamoqqa hukm qilinishi, bunday insonlar umri davomida qamoqxonada kuniga uch mahal ovqatlantirilishi, ikki soat sayr qilishi, bu esa to‘g‘ri emasligini aytgandi. Bastrikin so‘zi davomida Rossiya Davlat dumasi bunday holatlarga chora ko‘rishi kerakligi, masalan, ayollar niqob taqib yurishini taqiqlash kerakligini aytdi.

«Dog‘istonda kim terakt sodir etdi? Islomistlar. Rostovdagi qamoqxonada-chi? Terrorchi-islomistlar. Davlat dumasi bunday hodisalarga reaksiya bildirishi kerak.

Siz aytayotgan narsani taqiqlash haqida Duma qonun chiqarishi kerak. Buni (niqobni) kiyish ba’zi musulmon davlatlarda taqiqlangan, lekin bizda ruxsat berilgan. Nega? Bu savolga javob berolmayman, chunki qonunchi emasman. Lekin sizning fikringizga qo‘shilaman, tezda hammasini taqiqlash kerak», degan Bastrikin niqob haqidagi savolga javoban.

Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov rossiyalik tergovchining gaplariga munosabat bildirib, bunday bayonotlar berishda ehtiyot bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

«Aleksandr Bastrikin Rostov va Dog‘istondagi teraktni eslab, ularning ijrochilarini «terrorchi-islomistlar» deb atadi. Aleksandr Ivanovichga bunday bayonotlarda nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak degan bo‘lardim. Ko‘p marta aytganman, yana takrorlayman: musulmonlar hech qachon terakt sodir qilmagan, qilishmaydi ham. Umid qilaman, Aleksandr Bastrikin bundan keyin islomni terror bilan tenglashtirmaydi.

Hech bir dinda begunoh odamlarni o‘ldirish va ommaviy qirg‘in uyushtirishga chorlov yo‘q. Dinni o‘zini istagancha ataydigan fanatiklar va shaytonlar bilan adashtirish kerak emas. Ularning qiladiganlari hech bir muqaddas kitobga — Injilga ham, Qur’onga ham, Tavrotga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Aleksandr Bastrikin darajasidagi yuqori martabali mulozim bunday bayonotlar berishni o‘ziga ep ko‘rsa, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida uning ta’siri katta bo‘ladi», deb yozdi Qodirov o‘z kanalida.

Mavzuga oid