Jamiyat | 09:42 / 09.07.2024
18699
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda qo‘ng‘ir ayiqlar chorvaga hujum qilib, 4 echkini yeb qo‘ydi

Noyob tur hisoblangan Markaziy Osiyo qo‘ng‘ir ayiqlari Urgut tumanining Soyg‘us mahallasiga yaqin hududga tushib kelgani aytilmoqda. Holat nazoratga olingan.

Foto: Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi

Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanidagi Soyg‘o‘s mahallasi hududiga 3 ta ayiq kelib, mahalliy aholining chorvasiga hujum qilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va uning Urgut tumani inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tezkor tartibda nazoratga olingan.

Mazkur holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunko‘rmas dovonining Qashqadaryo viloyati hududida sodir bo‘lgan. Urgut tumani Soyg‘o‘s mahallasi cho‘ponlari suv sathidan 2500-2700 metr balandlikda, ya’ni ayiqlarning yashash manzilida qo‘ylarini boqib kelishayotganda qo‘ng‘ir ayiqlar to‘rt bosh echkini yeb qo‘ygan.

Cho‘ponlarga yoki ayiqlarga talafot yetmagan. Shuningdek, mahalliy aholi 2 kun oldin kechasi ayiqlar Soyg‘o‘s mahallasiga 2-3 km yaqinlikdagi tog‘ bag‘rida o‘suvchi mevali daraxtlarni yeyish uchun tushib kelganini aytgan.

Boshqarmaga ko‘ra, hozirda tegishli mutaxassislar tomonidan holat nazoratga olinib o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Tog‘dan aholi punktiga ayiq tushib kelishi oldinroq Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida ham kuzatilgandi. O‘shanda ayiq maktab hududiga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf tug‘dirgani hamda IIB xodimlariga jarohat yetkazgani uchun otib o‘ldirilgandi.

Mavzuga oid