Jahon | 21:13 / 14.07.2024
10330
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Trampni otgan shaxsning mashinasidan portlovchi modda topildi

Anna Moneymaker / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni Pensilvaniyadagi miting vaqtida o‘ldirishga uringan qotil Mettyu Kruksga tegishli mashinadan portlovchi vosita topildi. Bu haqda CNN va Wall Street Journal yozmoqda.

Kruks mashinasini miting o‘tkazilayotgan maydon yaqinida qoldirgan. Ulov tekshirilganda ichidan portlovchi vosita topilgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, qotilning uyi tekshirilganda u yerdan portlovchi vosita tayyorlash uchun materiallar topilgan.

Mettyu Kruks sobiq prezident va noyabrda o‘tajak saylovda prezidentlikka nomzod bo‘lgan Donald Tramp saylovoldi mitingini o‘tkazayotgan vaqtda unga qarata 10 marta o‘q uzgan. O‘qlardan biri Trapmning qulog‘ini yalab o‘tgan. Boshqa o‘q esa bir odamni o‘ldirgan, yana ikki kishi yaralangan.

Tramp suiqasddan omon qoldi. Politsiya mergani qotilni u Trampga o‘q uzganidan bir necha soniya o‘tib otib o‘ldirgan. Tramp ayni damda salomat va keyingi chiqishlariga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.

Mavzuga oid