Jahon | 08:19 / 17.07.2024
14564
3 daqiqa o‘qiladi

CNN: AQSh Eronning Trampni o‘ldirish rejalari haqida ma’lumot oldi

AQSh hukumati so‘nggi haftalarda Eronning Donald Trampga suiqasd uyushtirish rejalari haqida razvedka ma’lumotlariga ega bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN manbalari. Eron ayblovlarni rad etdi.

Foto: Cheney Orr / Reuters

AQSh hukumati so‘nggi haftalarda Eron tomonidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga suiqasd tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlariga ega bo‘ldi. Bu haqda 16 iyul, seshanba kuni manbalarga tayanib CNN xabar berdi

CNN suhbatdoshlariga ko‘ra, AQSh Maxfiy xizmati Tramp saylovoldi shtabiga tahdid kuchayganligi haqida xabar bergan va Tramp Pensilvaniyadagi mitingda otishmada yaralangan 13 iyuldan oldin uning atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Shu bilan birga, Trampni otgan Tomas Metyu Kruksning Eron fitnasiga qandaydir aloqasi borligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, dedi telekanal manbalari. 

Razvedka agentligi Tramp saylovoldi shtabini ochiq havoda mitinglar o‘tkazmaslik haqida bir necha bor ogohlantirgan, chunki ular agentlik kirishni yaxshiroq nazorat qila oladigan tadbirlardan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘diradi, deya ta’kidlaydi CNN. 

Eron: Tramp - jinoyatchi, ammo fitna ayblovlari «asossiz» 

Eronning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)dagi missiyasi jurnalistlarga Trampga suiqasd tayyorlanayotgani bo‘yicha ayblovlar «asossiz va g‘arazli» ekanini aytdi. 

«Eron Islom Respublikasi nuqtayi nazaridan, Tramp general Sulaymoniyni o‘ldirishga buyruq bergani uchun javobgarlikka tortilishi va sudda jazolanishi kerak bo‘lgan jinoyatchi. Eron uni javobgarlikka tortish uchun qonuniy yo‘lni tanladi», - deydi missiya vakili. 

Tramp eronlik generalni o‘ldirishni buyurgan 

Eronlik general Qosim Sulaymoniy 2020 yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQShning Iroqdagi havo hujumi natijasida halok bo‘ldi. Havo hujumiga buyruqni o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan Donald Tramp bergan. Eronlik yuqori martabali harbiy zobitning o‘ldirilishi Bag‘doddagi namoyishchilar AQSh elchixonasiga bostirib kirishga uringanidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. Vashington diplomatik missiyaga hujum general Sulaymoniyning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini bildirdi. 

Eron bunga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi tarkibidagi «Al-Quds» nufuzli bo‘linmasiga rahbarlik qilgan harbiy o‘ldirilgani uchun qasos olishga va’da berdi. 

Pensilvaniyada Trampga suiqasd 

13 iyul kuni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Pensilvaniya shtati Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi chiqishi vaqtida unga qarata o‘q uzdi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tegdi. Otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana ikki qatnashchi yaralandi. Ularning ahvoli barqaror, deb xabar berdi shtat politsiyasi. Hujum qilgan shaxs xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan. 

Mavzuga oid