Jahon | 07:42 / 17.07.2024
3321
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Fransiya hukumatining iste’fosini qabul qildi

Gabriel Attal hukumati Fransiyaning yangi vazirlar mahkamasi tayinlanmaguncha ishlashda davom etadi.

Foto: AP / Aurelien Morissard

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 16 iyul, seshanba kuni bosh vazir Gabriel Attal va u rahbarlik qilayotgan vazirlar mahkamasi iste’fosini qabul qildi. Biroq Fransiya hukumati yangi vazirlar mahkamasi tayinlanmaguncha o‘zining hozirgi tarkibida ishlashda davom etadi.

«Ushbu davr imkon qadar tezroq tugashi uchun respublikaning siyosiy kuchlari birgalikda harakat qilib, fransuz xalqi manfaatlariga mos keladigan loyiha va qarorlar atrofida birlashgan front yaratishi kerak», — deyiladi Yelisey saroyi bayonotida. 

Fransiya bosh vaziri Attal 8 iyul kuni, parlament saylovlari natijalari ma’lum bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, prezident Makronning markazchi bloki ikkinchi o‘rinni egallab, Milliy assambleyadagi ko‘pchilikni yo‘qotganidan so‘ng iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Biroq Fransiya prezidenti bu iltimosni rad etdi.

Fransiyada muddatidan oldin saylovlar

Makron Yevropa parlamenti saylovlarida o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv» g‘alabasidan keyin parlamentni tarqatib yubordi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Fransiyada o‘tkazilgan navbatdan tashqari parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni parlamentdagi 182 o‘ringa ega bo‘lgan «Yangi xalq fronti» so‘l qanot koalitsiyasi egalladi. Makronning «Respublika uchun birga» markazchi koalitsiyasi ikkinchi o‘rinni oldi, u parlamentdagi 168 o‘rinni egallaydi. Uchinchi o‘rinda 143 o‘rin olgan Marin Le Pen va Jordan Bardellaning o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv»i. 

Saylangan Fransiya parlamenti hukumatni tuzadi

O‘ta so‘llar, kommunistlar, sotsial-demokratlar va «yashil» kuchlarni o‘z ichiga olgan «Yangi xalq fronti» so‘l qanot yetakchilaridan biri Jan-Lyuk Melanshon avvalroq so‘l partiyalar va Makronning markazchi bloki o‘rtasida koalitsiya tuzish imkoniyatini rad etgan edi. Buning o‘rniga u Fransiya prezidentini «Yangi xalq fronti»ga hukumatni o‘zi tuzish bo‘yicha ko‘rsatma berishga chaqirdi.

Emmanuel Makron, o‘z navbatida, Melanshon partiyasi bilan koalitsiya tuzishga tayyor emasligini aytdi. U, shuningdek, o‘ng qanot populistlar bilan hamkorlik qilishni rad etadi. 

Mavzuga oid