O‘zbekiston | 11:29 / 19.07.2024
8656
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda pora bilan “o‘tirib chiqib”, oqlangan IIB xodimi yana qamaldi

Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilib, ishni “yopib” berish evaziga fuqarodan pora olgan To‘raqo‘rg‘on tumani IIB profilaktika inspektori qamaldi. U 2013 yilda ham pora olish va hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatida ayblanib, 10 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan hamda 2022 yil oxirida oqlangan.

Pora bilan ushlangan To‘raqo‘rg‘on tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Hukmda keltirilishicha, To‘raqo‘rg‘on tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan T.S. tamagirlik yo‘li bilan pora olish jinoyatini sodir qilgan. U tumanning Katta qurama mahallasida yashovchi fuqarodan voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilib, ishni hal qilib berish evaziga 300 dollar talab qilgan.

T.S. 2024 yilning 14 fevral kuni ushbu fuqaroni o‘z xizmat xonasiga chaqirib, avvaliga holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishini aytib, uni qo‘rqitgan. So‘ngra bu ishni “yopib” berish evaziga fuqarodan 100 dollar va 1 mln 240 ming so‘m pul mablag‘ini pora tariqasida olgan. Ammo u tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining hukmi bilan T.S. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil Ichki ishlar vazirligi tizimi organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan hamda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

T.S. 2013 yilda ham Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b,v” bandlari (tamagirlik yo‘li bilan ko‘p miqdorda pora olish), 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topilib, 10 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. 2022 yil 28 dekabr kuni u Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya hukmiga ko‘ra, aybsiz deb topilgan va oqlangan.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektori keksa fuqaroning uyi va pulini o‘zlashtirib olgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid