O‘zbekiston | 22:32 / 27.07.2024
30979
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uy bozoridagi vaziyat: narxlar qanday o‘zgarmoqda?

Toshkent shahrida kvartiralar narxi o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda taxminan 10 foizga oshgan, lekin hozirgi narxlarni yil boshidagi narxlar bilan taqqoslaganda, budjet kategoriyasida 7-8 foiz, yuqori segmentda esa 10 foizdan ko‘proqqa tushish kuzatilgan, deydi ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Abror Zohidov. U ushbu tendensiyaning sabablari haqida so‘z yuritdi.

Foto: Kun.uz

Jurnalist, ko‘chmas mulk sohasida ham faoliyat yurituvchi Abror Zohidov Facebook'dagi sahifasida oxirgi bir yil davomida Toshkent shahridagi kvartiralar narxlari qanday o‘zgargani haqida ma’lumot berdi.

“Men narxlarni bir necha yildan buyon o‘zim uchun yozib boraman. O‘tgan yilning shu paytiga nisbatan olsak, [Toshkent shahrida] uylarning narxi taxminan 10 foizga ko‘tarilgan.

O‘rtacha holatdagi “xrushyovka” uylarning narxidan kelib chiqsak, o‘tgan yillari ularning narxi 45-50 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir shu uylar 55 ming atrofida sotilyapti. Ya’ni o‘tgan yilga nisbatan olsak, bu yil narx oshgan, lekin bu yilgi eng yuqori nuqtasiga chiqqan vaqt – yanvar-fevral oylariga nisbatan 7-8 foizga tushgan. Mart oyigacha bu uylar 60 ming dollar atrofida sotilayotgan edi.

Qimmat “novostroyka”lar yoki maydoni katta kvartiralarga kelsak, ularning narxi yanvar-fevraldagi narxlarga nisbatan 10 foizdan ham sal ko‘proqqa tushdi”, – dedi u.

Abror Zohidov odatda har yili yoz oylarida ko‘chmas mulk bo‘yicha savdolar mavsumiy pasayishini ta’kidlab, uy-joylar narxidagi hozirgi tushish nima bilan bog‘liqligi bo‘yicha fikr bildirdi.

“Aslida narxlar tushib, uylar arzon bo‘lib ketgani yo‘q, shunchaki, narxlar juda ham ko‘tarilib ketgan edi. Ya’ni bozor haddan tashqari qizib ketgandi, asossiz ko‘tarilish bo‘lib ketgandi. Ana shu asossiz ko‘tarilgan qismigina hozir tushdi, ya’ni korrektirovka bo‘lib, bozor o‘zining holatiga keldi”, – deydi soha vakili.

Demak, uy olishga shoshmay turish kerak ekan-da? Abror Zohidov bu savol borasida o‘z maslahatini berib o‘tdi.

“Agar [yashash maqsadida] uy olish harakatida bo‘lsangiz, harakatdan to‘xtamang. Uy olish imkoniyati tug‘ilishi bilan, olavering. Chunki shu sohada 20 yildan buyon ishtirok etib, kuzatib kelaman, uy olmay afsus qilgan odamni juda ham ko‘p ko‘rdim, lekin uy olib afsuslangan odamni ko‘rmadim.

Endi, agar uy-joyga biznes sifatida pul tikish maqsadingiz bo‘lsa, unda sal shoshmay turganingiz ma’qul. Bozor 3-4 oy ichida o‘zining tabiiy yo‘nalishiga tushsa kerak. Lekin uyga ehtiyoji bor odam bu narsani ortga surmagani ma’qul. Nimaga? Chunki uylarning narxi tushishi ularni sotib olish oson bo‘lib qolishini anglatmaydi. Xalqimizda azaldan bir maqol bor: tuya bir tanga, qani o‘sha bir tanga? Tuya ming tanga, mana ming tanga. Ya’ni uylar narxi arzonmi, demak odamlarning qo‘lida o‘sha pulning o‘zi yo‘q. Bekorga arzonlashmaydi-ku. Aytmoqchimanki, uy arzon bo‘lgani bilan, siz o‘sha pulni topishingiz oson bo‘lib qolmaydi”, – dedi u.

Mavzuga oid