Jahon | 11:34 / 28.07.2024
29021
18 daqiqa o‘qiladi

Zolimlarning zolimi. Stalin kim edi?

Sovet Ittifoqi tarixi – bemisl adolatsizliklar, azob-uqubatlar va mutlaq qo‘rquv ostida o‘tgan yillarga to‘la. Ayniqsa, zulm va terror imperiyasining 29 yillik hukmdori Iosif Stalin sodir etgan jinoyatlarning ko‘lamiga aql bovar qilmaydi. Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal xalqlar qotili – qonxo‘r diktator Jugashvilining hayot yo‘li bilan tanishtiradi.

XX asrning eng mashhur shaxslaridan biri bu – Iosif Stalin. U SSSRni 1924 yildan 1953 yilgacha, jami 29 yil boshqardi. Bu davrda mamlakatda mislsiz qatag‘onlar uyushtirildi, inson shaxsiga sig‘inish esa yangi darajaga olib chiqildi.

Bugun millionlab odamlarni turli tuhmat va bo‘htonlar bilan o‘limga hukm qilgan va «xalqlar qotili» sifatida ko‘riluvchi tarixidagi eng qo‘rqinchli diktatorlardan biri haqida gaplashamiz. 

Mehrisiz o‘tgan bolalik

Stalin bu – taxallus. Siyosatchining asl ismi – Iosif Jugashvili Vissarionovich. U 1878 yilda Gruziyaning Gori shahrida juda qashshoq oilada tug‘ilgan. Otasi osetin millatiga mansub bo‘lib, etikdo‘zlik bilan shug‘ullangan. Oilada uchinchi farzand bo‘lgan Stalinning akasi va singlisi erta vafot etadi. Ichkilikka mukkasidan ketgan ota mast holda kelib, o‘g‘lini ayamay do‘pposlardi. Natijada Iosifning bosh miya sohasida ko‘plab jarohatlar yuzaga keladi. Aynan og‘ir o‘tgan bolalik yillari uning ruhiyatida shafqatsizlikning ilk belgilari ildiz otishiga sabab bo‘ladi.

Stalin juda badjahl va jangari tabiatga ega bo‘lishiga qaramay, she’riyatga qiziqqan. Yoshligida gruzin tilida bir qancha e’tiborga arzirli she’rlar ham yozadi. Onasi o‘g‘lining ruhoniy bo‘lishi istar edi. Shu sababli yosh Iosif dastlab Gori pravoslav maktabi o‘quvchisiga keyinchalik, Tiflis diniy seminariyasining tinglovchisiga aylanadi. Bu yerda u ilk bor jahon sotsialistik g‘oyalari asoschisi — Karl Marks kitoblari bilan tanishadi.

Iosif Stalin diniy seminariyadagi o‘qish paytida, 1894 yil.
Foto: RIA Novosti

Ushbu vaqtda Gruziyada ham marksistik qarashlar ommalasha boshlagan edi. Sotsializm targ‘ibotchisiga aylangan Iosif temiryo‘lchilarning inqilobiy guruhiga rahbarlik qila boshlaydi. Buning ortidan uni diniy seminariyadan haydashadi. Shu tariqa u mamlakatdagi namoyishlarning faol qatnashchisiga aylanadi. Stalinning o‘sha paytdagi do‘stlari va sheriklari uning ajoyib tashkilotchi, kuchli tashviqotchi, shuningdek, ishonish mumkin bo‘lmagan manipulyator ekani haqida yozib qoldirishgan.

Jugashvilining Stalinga aylanishi

Jugashvili ham eski bolsheviklardan bo‘lgan. Rossiya sotsial-demokratlari ikki guruhga: menshevik va bolsheviklarga bo‘linib ketgan ilk kunlardanoq, u ancha jangariroq bo‘lgan bolsheviklar guruhiga qo‘shiladi. Iosif o‘z maqsadiga erishish uchun barcha narsaga tayyor edi: muvaffaqiyatli inqilob va hokimiyat tepasiga chiqish. Shu ikki orzu uning butun hayoti mazmuniga aylanadi.

Bolsheviklar safiga o‘tgan ilk yillarida u «Pravda» gazetasida muharrirlik qiladi. Stalin doimiy ravishda Kavkazdagi namoyish va mitinglarda qatnashishni kanda qilmaydi. Buning ortidan 1902–1913 yillarda yetti marta qamoq va bir necha marta surgun bilan jazolanadi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab tarixchilar Stalinning inqilobgacha bo‘lgan faoliyatini yuqori baholamaydi. U partiyada chekka hududda faoliyat olib boruvchi ikkinchi darajali shaxs sifatida ko‘rilgan.

Stalinning Peterburg politsiyasidagi kartochkasi, 1912 yil.
Foto: Getty Images

Jugashvili qanday bo‘lmasin rahbariyatning e’tiboriga tushishni xohlar edi. 1907 yilda Tiflisda (hozirgi Tbilisi) Rossiya imperiyasi tarixidagi eng yirik talonchiliklardan biri sodir etiladi. Bir guruh bolsheviklar davlat banki pullari ortilgan foytunga hujum qiladi va bugungi kurs bo‘yicha 16 mln dollardan ortiq pulni tortib oladi. Hujum rahbarlaridan biri Iosif edi. Bu paytda u o‘ziga Koba nomini tanlaydi. Maskur taxallus Gruziyadagi mashhur asar qahramonining ismi edi. Talonchilik natijasida qo‘lga kiritilgan pullar Leninga yuborilgandi.  

1910 yillardan boshlab, Lenin Kobaga alohida e’tibor qaratib, uni qo‘llab-quvvatlay boshlaydi. Ammo u Trotskiy yoki Kamenov kabi «proletariat dohiysi»ning o‘ng qo‘li darajasiga ko‘tarila olmaydi.

Mavqeyi va ta’siri oshib borayotgan Jugashviliga yanada jarangdor va rus tilida yaxshi talaffuz qilinadigan boshqa ism kerak edi. Uning 1912 yilda «Pravda» gazetasida chiqqan milliy masalalarga bag‘ishlangan maqolasida ilk bor Stalin taxallusi ishlatiladi. Nega aynan Stalin nomi tanlanganligi bo‘yicha esa turli xil versiyalar mavjud. Ayrim manbalarda bu ism gruzincha po‘lat so‘zini bildiruvchi «Juga» familiyasidan kelib chiqqani keltiriladi. Ammo bu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmagan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, bu erishilmagan sevgi qissasi bilan bog‘liq. Lyudmila Stal va Stalinning ishqiy munosabatlari kӯpchilikka ma’lum.

Hokimiyat tomon yo‘l

1917 yilning boshida, Rossiya Birinchi jahon urushi va ichki notinchliklar natijasida jiddiy inqirozga yuz tutadi. Fevral inqilobi Romanovlar sulolasining ag‘darilishi bilan yakunlandi. Bu paytda Stalin Krasnoyarsk o‘lkasida surgunda edi. Inqilobidan so‘ng Petrogradga qaytadi va inqilobchilar safiga kelib qo‘shiladi. Dastlab u mo‘’tadil pozitsiyada bo‘lgan Muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi. Keyinroq esa Lenin ta’siri ostida hokimiyatni kuch bilan tortib olishga xayrixoh guruh tarafdoriga aylanadi.

1917 yilning oktyabr oyida Rossiyada navbatdagi inqilob boshlanadi. Bu davrda Stalin harbiy inqilobiy qo‘mita a’zosi sifatida Petrograd garnizoni va boshqa muhim harbiy qismlarda faol harakat qiladi. Yakunda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tadi. Bu Rossiya tarixida yangi davrning boshlanishi edi.

Inqilobdan keyin mamlakatda ichki fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Bu urushda qizillar (bolsheviklar) va oqlar (inqilobga qarshi kuchlar) o‘rtasida keskin janglar bo‘lib o‘tadi. Stalin turli frontlarda, xususan, Volgograd va Petrogradda muhim harbiy lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi va o‘z ta’sir doirasini kengaytirdi. U bir vaqtning o‘zida millatlar masalalari bo‘yicha komissar (vazir) sifatida ham ishlay boshlaydi.

Stalin, Lenin va Kalinin (o‘rtada, ikkinchi qator, chapdan o‘ngga) Rossiya Kommunistik partiyasining VIII s’yezdi delegatlari bilan, 1919 yil.
Foto: RIA Novosti

Stalinning harbiy va siyosiy mahorati uning partiya ichida nufuzi oshishiga yordam berdi. U urush davrida qat’iyati va shafqatsizligi bilan tanildi va Leninning yaqin safdoshlaridan biriga aylandi. Aynan mamlakatda yuzaga kelgan ichki urush Stalin va Trotskiyni bir-biriga qarshi qilib ham qo‘yadi.

1922 yil mart oyida Stalin Rossiya Kommunistik partiyasining bosh kotibi etib tayinlandi. O‘sha paytda bu lavozim unchalik katta vakolatlarga ega emas edi. Butun hokimiyat Lenin rahbarligidagi Xalq komissarlari soveti qo‘lida to‘plangandi. Ammo Stalin bosh kotiblik davrida o‘z vakolatlardan ustamonlik bilan foydalandi. Byurokratik yo‘l bilan partiya ichida hokimiyatni qo‘lga oladi. Mamlakatdagi barcha tayinlovlar u orqali o‘tgani bois, turli lavozimlarga o‘z tarafdorlarini tayinlay boshlaydi va bu uning pozitsiyasini mustahkamladi.

Siyosiy raqiblarning yo‘q qilinishi

1924 yilning yanvar oyida Vladimir Lenin vafot etadi. Uning o‘limi mamlakatda siyosiy kurashni kuchaytirib yuboradi. Bu kurashda g‘olib chiqqan Stalin SSSRning yangi rahbariga aylanadi.

Vladimir Leninning dafn marosimi. Siyosiy byuro a’zolari, jumladan, Stalin (chapda) tobutni olib ketmoqda. Moskva, Qizil maydon yaqini, 1924 yil yanvar.
Foto: Getty Images

Dastlab Stalin o‘zining asosiy raqibi Lev Trotskiyga qarshi kurashish maqsadida Grigoriy Zinovev va Lev Kamenev bilan ittifoq tuzadi. Maqsad – Trotskiyni partiyadan chetlatish edi. Unga qarshi keng ko‘lamli propaganda kampaniyasi boshlanadi. Trotskiy ham Leninning o‘limidan so‘ng armiya ustidan nazoratni yo‘qota boshlaydi. 1925 yilda u mudofaa vazirligidan va harbiy-inqilobiy kengash raisligidan ketkaziladi. 1928 yilda esa avval Olmaota shahriga surgun qilinadi. So‘ng xorijga qochishga majbur bo‘ladi. Trotskiy 1940 yil Meksikada Stalin buyrug‘i bilan o‘ldiriladi. 

Lev Trotskiy

Bir paytlar Stalinning yonida bo‘lgan va keyin mensheviklar sifatida amallardan chetlatilgan Kamenev va Zinovevning taqdiri ham ayanchli kechadi. Ular 1934 yilda hibsga olinadi. 1936 yilda har ikkalasi ham aksilinqilobiy faoliyatda aybdor deb topiladi va otib tashlanadi.

Iosif Stalin, Aleksey Rikov, Grigoriy Zinovev va Nikolay Buxarin, 1927 yil. 30 yillarda Rikov, Zinovev va Buxarin otib tashlanadi.
Foto: Getty Images

Qonxo‘r diktator davrida boshqaruv

Hokimiyat tepasiga kelgan Stalin boshqaruvda bir qancha o‘zgarishlar joriy qildi. Birinchi o‘rinda Lenin amalga tatbiq etgan Yangi iqtisodiy reja (NEP)ni bekor qilib, o‘rniga SSSRda kolxozlashtirish va sanoatlashtirish inqilobini boshlaydi. 1928–1932 yillarda SSSRda xususiy mulk tugatilib, dehqonlar majburiy tarzda kollektivlashtiriladi. Ularning qo‘lidagi barcha narsa: yer, suv, chorva mollari, dehqonchilik asboblari yangi tuzilgan jamoa xo‘jaliklar uchun tortib olindi. Boylar va o‘rtahollar yoppasiga «quloq» sifatida qamaldi yoki kimsasiz hududlarga surgun qilindi. Xo‘jaligidagi chorva mollari va dehqonchilik anjomlarini ixtiyoriy topshirmaganlar qattiq jazolanadi. Qarshilik ko‘rsatganlar hatto joyida otib tashlanadi. Shu tariqa yigirma besh millionga yaqin dehqon xo‘jaliklari sovxoz va kolxozlarga birlashtiriladi. 

Kollektivlashtirish davridagi kolxozchilar, 1929 yil.
Foto: Getty Images

Shuningdek, Stalin davlatni rivojlantirish uchun besh yillik reja ishlab chiqadi. 1928–1932 yillarga mo‘ljallangan birinchi besh yillikning asosiy vazifasi SSSRni agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan davlatga aylantirish edi. Tashqi siyosatda yangi davlatning xalqaro miqyosda tan olinishiga erishish asosiy maqsad sifatida belgilanadi.

Stalinning kolxoz va sanoatlashtirish siyosati tufayli o‘n millionga yaqin inson halok bo‘ladi. Yana yuz minglab insonlar mamlakatdan chiqib ketadi. SSSRning parchalanib ketguniga qadar g‘alla importiga qaram bo‘lib qolishiga ham aynan kolxozlashtirish yillarida g‘alla yetishtiruvchi o‘rtahol dehqonlar sinfining yo‘qotilishi sabab bo‘ladi.

Ko‘chada ochlikdan o‘lgan odamning jasadi. Xarkov, 1932 yil
Foto: Getty Images

Stalin qatag‘onlari

Stalin rahbarlik yillarda insoniyatga qarshi mislsiz qatag‘onlar uyushtirilgan. Qonxo‘r diktator o‘zining ilk qatag‘onlarini 1925 yillardan boshlagandi. 1927 yilda Sovet-Britaniya munosabatlariga darz ketadi va Birlashgan Qirollik SSSR bilan savdo va diplomatik aloqalarni uzadi. SSSRda bu «chet el intervensiyasi» deb baholanadi hamda shaxsan Stalinning buyrug‘i bilan yoppasiga qama-qamalar boshlanib ketadi. Eng avval xorijdan mamlakatga qaytgan sobiq muhojirlar qamoqqa olinadi. So‘ng sobiq pomeshchiklar, savdogarlar, poplar, quloqlar qamaladi.

1927 yil noyabr oyidan 1928 yil yanvar oyigacha SSSRda «partiyaviy tozalash» ishlari olib borildi va sobiq mensheviklarning bir qanchasi surgun qilindi. 1928-1932 yillarda o‘tkazilgan kollektivlashtirish davrida norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra jami 4 million dehqon qatag‘on qilinadi.

Stalin qatag‘onlari 1934 yildan avj pallasiga chiqadi. Shu davrdan boshlab kommunistik partiya a’zolariga qarshi keng ko‘lamli terror kampaniyasi boshlanadi. Bunga «Kirov ishi» sabab bo‘ladi. Xalq orasida obro‘si nihoyatda baland bo‘lgan Sergey Kirov 1934 yil 1 dekabrda Leningraddagi partiya komiteti binosida o‘ldiriladi. Stalin bu hodisani o‘ziga nisbatan «fitna» deya baholaydi va repressiyaning yangi to‘lqini boshlanadi. Keyinchalik ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Kirov o‘limi yangi terrorni boshlash uchun Stalinning o‘zi tomonidan uyushtirilgan bo‘lgan.

Stalin va Kirov

1936 yilda NKVDdagi o‘zgarishlar fonida «Katta terror» deb nomlangan qatag‘onlar boshlanib ketadi. 1937-1938 yillarda umumiy hisobda 1 mln 575 ming 259 nafar kishi qamaladi. Ulardan 681 ming 692 nafari tergovdan so‘ng otuvga hukm qilinadi.

1936 yilda NKVD rahbarligiga kelgan Nikolay Yejov

Markaziy Osiyo respublikalaridan qamalganlar va otib tashlanganlar asosan «pankturkist», «millatchi», «diniy reaksioner», Rossiya taraflarda «troitskiychi», «menshevik», Ukrainada esa «banderachilar» degan ayblov bilan qatag‘on qilinadi. Aynan shu davrda Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, Komil Aliyev, Muhammadsharif So‘fizoda, Miyonbuzruk Solihovlar va boshqa namoyandalari ham Stalinning qatag‘on siyosati qurboniga aylanadi. Xiyonat va millatchilik, aksilrevolyutsiya, xalq dushmanlari, burjua malaylari motivlari bilan ayblangan kadrlarga, o‘ylab topilgan siyosiy bahonalar bilan «o‘n sakkizlar guruhi», «inog‘omovchi», «qosimovchi» laqablari qo‘yilib, jinoiy ish ochiladi. Shu tariqa, 1941 yil 22 iyun, fashistlar Germaniyasi SSSRga bostirib kirguncha, mamlakat bo‘ylab juda ko‘plab odam siyosiy ayblar bilan qamoqqa tiqiladi.

Stalin Tojikistonda, tojik milliy kiyimida.
Foto: Asia-Plus

Urushdan keyin ham Stalin qatag‘onlari turli xil ko‘rinishda davom etadi. 1946 yil boshlangan «Zvezda» va «Leningrad» jurnallari «ishi» doirasida adiblar, jurnalistlar, adabiy xodimlar qamoqqa tiqila boshlanadi. Shukrullo, Said Ahmad va boshqa ko‘plab o‘zbek ziyolilari ham o‘sha davrda qamaladi. Stalin qatag‘onlari ro‘yxatida eng oxirgi ish «Vrachlar ishi» bo‘ladi. Bir guruh shifokorlar hibsga olingandan so‘ng 1953 yilda butun mamlakatda vrachlarni qamoqqa olish kampaniyasi boshlanib ketadi.

Umuman olganda, odamlarni qamash va ularni qo‘rquvda ushlab turish to Stalin o‘limiga qadar davom etadi. Xalqaro «Memorial» tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, Stalin qatag‘onlari tufayli 10-12 milliondan 38-39 million nafargacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Stalinning o‘limi

Stalin 1953 yil 1 mart kuni kechqurun o‘zining Kunsevodagi dachasida falajlanib, hushini yo‘qotadi. 5 mart kuni uning vafoti haqida e’lon qilishadi. Bu vaqtga kelib «millatlar qotili» sovet xalqining buyuk rahnamosi sharafiga sazovor bo‘lib ulgurgandi.

Foto: RIA Novosti

Uning o‘limi mamlakatda aql bovar qilmaydigan reaksiyasini keltirib chiqaradi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Stalinning dafn marosimiga shunchalar ko‘p odam yig‘iladiki, 400 ga yaqin inson tiqilinch tufayli halok bo‘ladi.

Stalin o‘limi munosabati bilan Voronejda tashkil etilgan motam mitingi, 1953 yil 6 mart.
Foto: TASS

1956 yilda Kommunistik partiyaning XX s’yezdida ilk bor SSSRning yangi rahbari Nikita Xrushchyov «shaxsga sig‘inish», «ommaviy repressiya», «Lenin yo‘lidan bormagan Stalin» kabu jumlalarni tilga oldi. Butun SSSR Stalin haykallari va suratlaridan tozalana boshlanadi. Stalingrad shahri nomi Volgogradga o‘zgartiriladi. Lenin yoniga mumiyolangan holda qo‘yilgan Stalin jasadi u yerdan oltnib, 1961 yilning kuzida Kreml devorlari yaqinidagi qabristonga ko‘mib yuborildi.

Nikita Xrushchyov.
Foto: Russkaya semerka

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Stalinning boshqaruv davri inson huquqlari va erkinliklarining poymol qilinishi, shaxsiy diktatura va siyosiy terror bilan ajralib turadi. Bu davrda yuz bergan voqealar Sovet Ittifoqi tarixidagi eng qora sahifalardan biri bo‘lib, ko‘plab insoniy azob-uqubatlarni o‘z ichiga oladi. Qatag‘onlar nafaqat Stalinning shaxsiy diktaturasini mustahkamlashga, balki butun jamiyatni qo‘rquv va zulm ostida ushlab turishga xizmat qildi. Bu davr insoniyatga davlat hokimiyatining nazoratsiz qolishi va avtoritar boshqaruvning oqibatlari haqida unutilmas saboqlar berdi.

Mavzuga oid