Jahon | 10:17 / 29.07.2024
13974
5 daqiqa o‘qiladi

Polsha Vengriyaga YeI va NATOdan chiqishni taklif qildi

Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bartoshevskiy Vengriya bosh vaziri Orban siyosatini «aksilevropa, Ukraina va Polshaga qarshi» deb atadi va unga Yevropa Ittifoqidan chiqib, Putin bilan ittifoq tuzishni taklif qildi.

Foto: Facebook / Orbán Viktor

Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladislav Teofil Bartoshevskiy Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga Yevropa Ittifoqi va NATOdan chiqishni va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ittifoq tuzishni taklif qildi. Onet.pl onlayn portali 28 iyul, yakshanba kuni polshalik diplomatning so‘zlarini chop etdi. «Nega Vengriya o‘ziga unchalik yoqmaydigan va unga nisbatan yomon munosabatda bo‘lgan tashkilotlarning a’zosi bo‘lib qolishni xohlayotganini tushunmayapman, nega u (Orban) Vladimir Putin va bu turdagi boshqa avtoritar davlatlar vakillari bilan ittifoq tuzmaydi?» - dedi Bartoshevskiy. Diplomat Orban siyosatini «aksilevropa, Ukraina va Polshaga qarshi» deb atadi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, shuningdek, Vengriya bosh vaziri hozirda Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga Varshava tomonidan berilgan harbiy texnika uchun tovon puli sifatida Yevropa Ittifoqidan Polshaga to‘lanishi kerak bo‘lgan 2 milliard zlotiy (468 million yevro) mablag‘ini to‘sib qo‘yganini eslatdi. «Biz Yevropa Ittifoqida ham, NATOda ham xalqaro jamiyatning chekkasida joylashgan bosh vazir Orbandan farqli o‘laroq Rossiya bilan ish qilmaymiz», dedi Bartoshevskiy bir kun oldin Orbanning Polshani tanqid qilganiga javoban.

Orban Varshavani tanqid qildi va uni ikkiyuzlamachilikda aybladi 

27 iyul kuni Vengriya bosh vaziri Yevropa Ittifoqi va butun G‘arbning noto‘g‘ri siyosati, shuningdek, Polsha «ikkiyuzlamachiligi»ni tanqid qildi. Polsha internet portali Orbanning Ruminiyadagi Transilvaniya universiteti minbarida so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Polshaliklar bizni Rossiya bilan munosabatlarimiz uchun tanqid qiladi, lekin ular Rossiya bilan vositachilar orqali ish olib boradi». Vengriya hukumati rahbari, shuningdek, AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning harakatlarini yana bir bor olqishladi, Rossiyani qo‘llab-quvvatladi va Ukraina go‘yoki «Yevropa Ittifoqi yoki NATOga a’zo bo‘lmasligini» aytdi. 

Bundan tashqari, Orban Varshavani «Berlin-Parij o‘qini yangi London-Varshava-Kiyev-Boltiqbo‘yi-Skandinaviya konfiguratsiyasi foydasiga» zaiflashtirib, Yevropadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishda aybladi. Vengriya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, bu o‘z mamlakati pozitsiyasining zaiflashishi hamda «Polsha eski rejasi»ni amalga oshirishga olib keladi. 

YeI Vengriyani qonun ustuvorligini buzganlik uchun tanqid qilmoqda 

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriya korrupsiya, poraxo‘rlik va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurash, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish va ommaviy axborot vositalari mustaqilligi bo‘yicha Yevropa Ittifoqining demokratik standartlaridan sezilarli darajada orqada qolmoqda. Bu baho Yevrokomissiyaning 24 iyul kuni e’lon qilingan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va ittifoqqa qo‘shilish uchun nomzod maqomiga ega bo‘lgan qator mamlakatlarda qonun ustuvorligi bo‘yicha yillik hisobotida keltirilgan.

Yil oxirigacha Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qiluvchi Vengriya Yevropa komissiyasining qonun ustuvorligi haqidagi hisobotlarida doimiy ravishda tanqid qilinmoqda. Budapesht hukumati mamlakatdagi qonun ustuvorligiga tahdid tufayli YeI shartnomasining 7-moddasiga muvofiq sud jarayoniga duch kelmoqda. Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi Vengriyaga nisbatan qonun ustuvorligining bir necha bor buzilganligi munosabati bilan yana bir nechta sud jarayonlarini o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi iyun oyida Vengriyani Yevropa migratsiya va boshpana siyosati haqidagi qonunlarini buzgan uchun katta miqdorda jarima to‘lashga majbur qildi. Bosh vazir Viktor Orban qarorni «g‘azabnok» deb atadi va bunga rozi emasligini aytdi.

Vengriya hukumati Yevropa Ittifoqida amaldagi huquqiy davlat normalarini qat’iyan rad etsa-da, Koronavirusga qarshi yordam fondi va Teng imkoniyatlar jamg‘armasidan grantlar talab qilmoqda. YeI Vengriyaga 30 milliard yevro miqdoridagi moliyaviy yordamni muzlatib qo‘ydi, chunki mamlakatda korrupsiyaning haqiqiy xavfi mavjud va Vengriyadagi sudlar mustaqil hisoblanmaydi. Biroq, Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga keyingi harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun Orbanning zarur roziligiga erishish maqsadida pulning bir qismi berildi. Bu - Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qiluvchi davlat «qonun ustuvorligi mexanizmi» deb ataluvchi jazoga tortilgan birinchi holat. 

Mavzuga oid