Jahon | 11:49 / 04.08.2024
15172
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh va Isroil Eronning zarbasini dushanba kuni kutmoqda

Amerika va Isroil mulozimlari Eron 5 avgust, dushanba kuni Isroil hududi bo‘ylab zarba berishi mumkinligini kutishmoqda.

Foto: Reuters

Axios portalining yozishicha, Yaqin Sharqqa AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining rahbari Maykl Kurilla yetib kelgan.

Generalning mintaqaga tashrifi Isroilning Eron va “Hizbulloh” bilan munosabatlari qizg‘in holatga kelmasdan avval rejalashtirilgan. Biroq, endi u o‘z tashrifidan Isroilni 13 aprel kungi Eron hujumidan saqlanishda yordam bergan xalqaro va mintaqaviy koalitsiyani yana bir bor safarbar qilish uchun foydalanishi kutilmoqda..

Axios portalining eslatishicha, Eron va “Hizbulloh” yetakchilari Livandagi shialar harakati bosh harbiy qo‘mondoni Fuad Shukur va HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘limi uchun qasd olishga qasam ichgan. Eron va Falastin harakati bu harakatlar uchun javobgarlikni Isroil zimmasiga yuklashgan, biroq Isroil hukumati qotilliklarga aloqadorligini tan ham olmagan, inkor ham etmagan.

O‘z navbatida, AQSh Eronning Isroilga ehtimolli hujumi doirasida o‘zining Yaqin Sharqdagi kuchlari sonini oshirishda davom etmoqda, mintaqaga yanada ko‘proq harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlarni jo‘natmoqda.

Amerikalik mulozimlarning kutilmalariga ko‘ra, Eronning javob harakatlari 13 aprelda Isroilga qilingan hujum ssenariysi bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Biroq, bu safargisi yanada miqyosliroq bo‘lishi mumkin, bunda Livandagi “Hizbulloh” harakatining ham ishtirok etishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid