O‘zbekiston | 09:11 / 04.08.2024
3747
3 daqiqa o‘qiladi

Renovatsiya xususiy mulk daxlsizligiga raxna solmasligi kerak - O‘zLiDeP

O‘zLiDeP partiyasi Toshkent shahar hokimining bir qator tumanlarda amalga oshiriladigan renovatsiya loyihalari haqidagi qarori bo‘yicha shoshmashosharlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.

Foto: O‘zLiDeP

Partiya Toshkent shahar hokimining poytaxtdagi Mirzo-Ulug‘bek (26,71 ga), Sergeli (35,15 ga), Shayxontoxur (36,82 ga), Chilonzor (5,02 ga), Yashnobod (54,67), Yakkasaroy (13,03 ga) tumanlarida renovatsiya hududlarining chegarasini belgilash hamda ushbu hududda loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida e’lon qilingan qarori yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Munosabatda aytilishicha, renovatsiya dasturlarini amalga oshirish avariya holatidagi qo‘p qavatli turar joylarni yangilashda muhim o‘rin tutadi bu dasturlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar daxlsizligiga raxna solmasligi shart.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 martdagi 149-sonli qarori bilan belgilangan renovatsiya qoidalari mazmun jihatidan ko‘p qavatli turar joylarda renovatsiyani amalga oshirish tartibini belgilab beradi.

Biroq, bu tartibni fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli yakka tartibdagi turar joylar hamda ko‘p qavatli turar joylardan alohida noturar joylarga tatbiq etish maqsadga muvofiq emas. Chunki, amaldagi qonunlarimizda bu borada mulkdorlar huquqlarini kafolatlash bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilgan. Bu, avvalo,buzilishi belgilangan mol-mulk egasining roziligini olish, mol-mulkning bozor qiymati va yetkazilgan zarar o‘rnini oldindan kompensatsiya qilish talabi bilan bog‘liqdir.

Qolaversa, yakka tartibdagi turar va noturar joylar yerlari xususiylashtirilgan bo‘lsa, Yer kodeksi hamda“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ular tegishli yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olingan taqdirdagina renovatsiya qilinishi mumkin” deyiladi partiya xabarida.

Shuningdek, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda shoshmashosharlikka yo‘l qo‘ymaslik va bu borada tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng amaliy ishlar qilish mumkinligi ta’kidlangan.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Matbuot xizmati

Mavzuga oid