Jahon | 14:10 / 06.08.2024
1518
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda «Debbi» bo‘roni kamida to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Katta miqyosdagi suv toshqinlari qayd etilmoqda, 250 mingdan ortiq odam elektr ta’minotisiz qolgan.

Foto: Reuters / Octavio Jones

AQShning janubi-sharqiy sohillariga yopirilgan «Debbi» bo‘roni oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi

Florida shtatining Tampa shahridagi 75-shosseda yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, halok bo‘ldi, deya xabar beradi Milliy meteorologiya xizmati (NWS). 

Shtat rasmiylari, shuningdek, yo‘l-transport hodisasida ayol va 12 yoshli bola hayotdan ko‘z yumgani, ko‘chma uy ustiga daraxt qulashi oqibatida esa bir yigit halok bo‘lgani haqida ham xabar berdi. 

Bo‘ronlarni kuzatish milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, «Debbi» tropik bo‘ron darajasiga chiqqan va Florida shtatidagi Steynxatchi shahri yaqiniga soatiga 80 milya (taxminan 130 kilometr) tezlikda yopirilgan.

Florida rasmiylari shtatning markaziy qismida keng ko‘lamli suv toshqinlari haqida xabar bermoqda. Kuchli shamol daraxtlar va elektr ustunlarini qulatib, 250 mingdan ortiq odamni elektr ta’minotidan mahrum qildi. 

NWS ta’kidlashicha, mamlakat janubi-sharqining ayrim qismlarida «bir necha kun davomida bo‘ronlar, kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqini kutilmoqda». 

Bundan tashqari, FlightAware reyslarni kuzatish sayti ma’lumotlariga ko‘ra, kecha 1700 dan ortiq reyslar bekor qilingan va 5800 dan ortiq reys kechiktirilgan. 

Mavzuga oid