Jahon | 11:05 / 07.08.2024
4178
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh vitse-prezidentligiga nomzod Uols Trampni tanqid ostiga oldi

Kamala Harris mitingda birinchi marta vitse-prezidentlikka nomzod Tim Uols bilan nutq so‘zladi. Minnesota gubernatori Donald Tramp xalqqa xizmat qilish nimani anglatishini bilmaydi, dedi. 

Foto: Joe Lamberti/AP/dpa/picture alliance

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod va vitse-prezident Kamala Harris vitse-prezident sifatida nomzodi tanlangan Minnesota gubernatori Tim Uols bilan saylovoldi mitingida ilk bor chiqish qildi. 6 avgust, seshanba kuni Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida so‘zlagan nutqida Uols respublikachilardan oliy lavozimga nomzod Donald Trampni keskin tanqid qilib, u mamlakatda «tartibsizlik va bo‘linish» urug‘ini sepayotganini aytdi. 

«Bizning kampaniyamiz kelajak uchun kurashdir»

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp xalqqa xizmat qilish nimani anglatishini bilmaydi, chunki u o‘ziga xizmat qilish bilan band. Oq uy rahbari bo‘lgan davrida u iqtisodni tanazzulga olib keldi, dedi Uols 10 000 kishi qarshisida. Bundan tashqari, AQShda respublikachilar prezidentligi davrida zo‘ravonlik jinoyatlari ko‘paydi – Trampning o‘zi sodir etgan jinoyatlarni hisobga olmaganda, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, Uols demokratlar saylovoldi kampaniyasi Donald Trampga qarshi kurash emasligini ta’kidladi. «Bizning kampaniyamiz kelajak uchun kurashdir», deb tushuntirdi u. 

O‘z navbatida, Harris u va sherigi asosiy erkinliklar himoyalangan kelajak uchun kurashayotganini aytdi. U Uols «millatni birlashtirib, uni olg‘a siljitadigan» yetakchi bo‘lishiga ishonch bildirdi. U Minnesota gubernatorini o‘rta sinf uchun kurashchi, o‘zi kabi Amerika istiqboliga ishonadigan vatanparvar deb atadi. 

Harris Uolsni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanladi 

Harris o‘z tanlovini kecha e’lon qildi. «Men Tim Uolsdan o‘zimga nomzod bo‘lishini so‘raganimni faxr bilan e’lon qilaman», deb yozadi u ijtimoiy tarmoqda. Vitse-prezident AQSh Harbiy-dengiz observatoriyasi hududidagi qarorgohidagi yakuniy uchrashuvdan so‘ng shunday qarorga keldi. CNN manbalariga ko‘ra, Harris va Uols muloqot chog‘ida o‘zaro tushunishga erishgan va yakunda qaror uning foydasiga qabul qilingan. Oxirgi bosqichda Harris Uols va Pensilvaniya gubernatori Joshua Shapiro o‘rtasida tanlov qildi, deya aniqlik kiritdi Reuters.

60 yoshli Tim Uols Qo‘shma Shtatlar Milliy gvardiyasi (Qurolli kuchlar zaxirasi) faxriysi va sobiq o‘qituvchi. 2006 yilda u birinchi marta AQSh Kongressi Vakillar palatasiga saylangan, keyin yana besh marta qayta saylangan. 2019 yildan beri gubernator sifatida Uols maktabda bepul tushlik, iqlim harakati, o‘rta sinf uchun soliqlarni kamaytirish va Minnesota xodimlari uchun haq to‘lanadigan ta’tilni ko‘paytirishni o‘z ichiga olgan progressiv ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibini ilgari surib kelyapti. 

Bundan tashqari, Uols Ukrainani qo‘llab-quvvatladi. 2024 yil fevral oyida u Minnesota va Chernihiv viloyatining davlat, xususiy va akademik sektorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘shma Shtatlardagi Ukraina elchixonasiga tashrif buyurgani haqida xabar berdi.

Harris avgust oyi oxirida rasman nomzod bo‘ladi

Demokratik partiyaning milliy qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi. Biroq, Harrisning nomzodi avvalroq ma’qullangani sababli u yerda ovoz berish shunchaki rasmiyatchilik bo‘ladi.

AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Jo Bayden Demokratik partiya a’zolarining xavotirlari ortib borayotgan bir paytda, 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi va o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif etdi. Harris mamlakatning eng yuqori lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi va milliy qurultoyda demokrat delegatlar tomonidan rasman ilgari surilishi uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlandi. 

Mavzuga oid