Jahon | 07:45 / 07.08.2024
7917
6 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg Gershkovich haqidagi materialdan keyin muxbirni ishdan bo‘shatdi

Bloomberg News'ning Oq uy ishlari bo‘yicha bosh muxbiri ishdan bo‘shatildi. Biroq Bloomberg Oq uydan qo‘ng‘iroq bo‘lganidan keyin ham WSJ muxbiri ozodlikka chiqishi haqidagi materialni olib tashlashdan bosh tortgan.

Foto: PAP/EPA/JIM LO SCALZO

Bloomberg News Oq uy ishlari bo‘yicha bosh muxbiri Jyennifer Jyeykobsni ishdan bo‘shatdi va The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovichning ozodlikka chiqarilishi haqidagi xabarni muddatidan oldin chop etgani uchun bir qancha boshqa xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rdi. Bu haqda 5 avgust kuni Amerikaning CNN teleradiokompaniyasi xabar berdi. 

«O‘tgan payshanba kuni biz Gershkovich va boshqa mahbuslarning ozod etilishi haqidagi xabarni muddatidan oldin nashr qildik, bu ularning ozod qilinishiga olib keladigan muzokaralar almashinuviga xavf tug‘dirishi mumkin edi», deb yozadi Bloomberg bosh muharriri Jon Mikltveyt xodimlarga yo‘llagan eslatmasida. «Hattoki bizning material, xayriyatki, hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lsa ham, bu tahririyat me’yorlarini ochiqdan ochiq buzish», dedi u. 

Mikltveyt so‘zlariga ko‘ra, keng qamrovli tekshiruv o‘tkazildi, bunga jurnalistik standartlarga rioya etilishini nazorat qiluvchi Bloomberg News muharriri javobgar bo‘ldi. Natijada intizomiy choralar ko‘rildi. Bloomberg News, shuningdek, bunday muvaffaqiyatsizliklar yana takrorlanmasligi» uchun tahririyat amaliyotini ko‘rib chiqadi, dedi Mikltveyt. Uning qo‘shimcha qilishicha, ozodlikka chiqqanlarning har biriga shaxsan o‘zi xat yozgan. Bundan tashqari, Mikltveyt The Wall Street Journal bosh muharriri Emma Takerdan uzr so‘radi. 

«Biz har kuni minglab materiallarni nashr qilamiz, ularning aksariyati shov-shuvli yangiliklarga aylanadi. Biz aniqlikka juda jiddiy qaraymiz. Lekin to‘g‘ri ish qilish uchun mas’uliyatga egamiz. Bu holatda biz buni qilmadik», - deb davom etilgan eslatmada.

«Muxbirlarning yakuniy so‘zi yo‘q»

O‘z navbatida, Bloomberg News’da sakkiz yil ishlagan va 2016 yil noyabridan beri Oq uy bo‘yicha bosh muxbir bo‘lgan jurnalist Jyennifer Jyeykobs voqeada aybdor ekanini rad etadi.

«Men tahririyat standartlari va ko‘rsatmalariga rioya qilgan holda Evanning ozod etilishi haqida xabar berish uchun muharrirlarim bilan ishladim», deb yozdi u. «Men hech qachon ma’muriyatning embargosiga ataylab zid keladigan yoki ishtirokchilardan birortasini (almashinuvda) xavf ostiga qo‘yadigan hech narsa qilmaganman».

«Muxbirlar xabar qachon va qaysi sarlavha ostida chop etilishi haqida so‘nggi so‘zga ega emaslar», dedi Jyeykobs. «Bu yerda sodir bo‘lgan voqealar zanjiri yangiliklarni yoritishga tayinlangan har qanday muxbirning boshiga tushishi mumkin. Shuning uchun tahririyat jarayonlarida nazorat va muvozanat mavjud», - deya qo‘shimcha qildi u.

Bloomberg News material rahbariyatga ko‘rsatilgani yoki ko‘rsatilmaganini ochiqlamadi

Gershkovich va boshqa mahbuslar haqidagi material dastlab Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan soat 07:41 da chop etilgan. Keyinchalik u soat 08.59 da yangilandi. 

«Ushbu maqolaning oldingi versiyasi amerikaliklar hali ozod qilinmaganligini aks ettirish uchun tuzatildi», deyiladi tahririyatning yangilangan versiyaga qo‘shilgan eslatmasida. 

Shu bilan birga, The Guardian ta’kidlaganidek, bu darajadagi materiallar nashr etilishidan oldin Bloomberg News rahbariyatiga ko‘rsatilishi kerak edi. 

Agentlik vakili gazetaning tekshiruvga oid savollariga javob berishdan bosh tortdi, jumladan, maqolani qaysi rahbarlar ko‘rgani, ular nashrga yashil chiroq yoqqani va ulardan ham birortasi ishdan bo‘shatilgani noma’lumligicha qolmoqda.

CNN: Bloomberg Oq uydan qo‘ng‘iroq bo‘lganidan keyin materialni olib tashlashdan bosh tortdi

CNN manbasiga ko‘ra, Oq uy bir qator axborot tashkilotlari jurnalistlarini soat 8:00 atrofida ayirboshlash haqida xabardor qilgan va nashr uchun keyinroq vaqt belgilagan holda embargo joriy etgan. 

Saytda material e’lon qilinganidan so‘ng, Oq uy tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, Gershkovich va boshqa mahbuslar hali qo‘yib yuborilmagani uchun maqolani olib tashlashni so‘radi, deya qo‘shimcha qildi manba. Bloomberg bundan bosh tortdi. 

«Bu embargoning buzilishi emas edi, dedi The Wall Street Journal vakili CNN’ga. - Materialda Evan ozodlikka chiqqani, lekin aslida qo‘yib yuborilmagani aytiladi. Biz Bloomberg buni tuzatganidan xursandmiz».

G‘arb va Rossiya o‘rtasida mahbuslar almashinuvi 

1 avgust kuni Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya koloniyalaridan jami 16 kishi ozod qilindi, ular orasida siyosiy mahbuslar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Oleg Orlov, amerikalik jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, shuningdek, Rossiya va Belarusda turli muddatlarga qamalgan Germaniya fuqarolari bor. Rossiyaga 10 kishi qaytdi - Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari, ularning ikki farzandi, kiberfiribgarlar va Germaniyada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan FSB xodimi Vadim Krasikov.

Mavzuga oid