O‘zbekiston | 11:20 / 11.08.2024
17077
3 daqiqa o‘qiladi

Boks federatsiyasi: To‘lqin Qilichevning sog‘lig‘i mo‘tadil, o‘zini yaxshi his qilmoqda

Hasanboy Do‘smatovning olimpiadadagi chempionligidan keyin yurak hurujiga uchragan milliy jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, O‘zbekiston boks federatsiyasining ma’lum qilishicha, hozirda o‘zini yaxshi his qilmoqda, biroz muolajalar olishi talab etiladi. “Ishonamizki, tez kunlarda jamoamiz safiga qaytib, yana bokschilarimizni g‘alabalar tomon boshlab boradi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Olympic.uz

O‘zbekiston boks federatsiyasi milliy jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi.

«Hammangizga ma’lumki, murabbiylik faoliyati juda murakkab ish, ayniqsa bu darajadagi nufuzli Olimpiya o‘yinlarida jamoani tayyorlash, musobaqadagi ishtirokdan so‘ng g‘alaba va mag‘lubiyatga ko‘nikish murabbiydan katta ruhiy bosimni, shu bilan birga bunday yuqori darajadagi musobaqa odamdan kuchli matonat va ruhiy zo‘riqishlarni talab qiladi. 

Kuni kecha terma jamoamiz bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev sog‘ligida biroz muammolar kuzatilgan hamda sportchilar kiyinish xonasida tashkiliy qo‘mita shifokorlari tomonidan murabbiyimizga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi kunda murabbiyimizning sog‘ligi mo‘tadil, o‘zini yaxshi his qilmoqda. Biroz muolajalar olishi talab etiladi.

Ushbu yutuqlarda, butun dunyo boksida birinchi bo‘lishimizda murabbiyimizning juda ulkan hissasi bor. To‘lqin Qilichevga sog‘lik tilab, tezroq safimizga qaytishini kutib qolamiz. Ishonamizki, tez kunlarda jamoamiz safiga qaytib, yana bokschilarimizni g‘alabalar tomon boshlab boradi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, To‘lqin Qilichev Parijdagi «Rolan Garros» arenasida shogirdi Hasanboy Do‘smatovning olimpiada chempionligi nishonlanganidan so‘ng yurak xurujiga uchragani, voqea kiyinish xonasida ro‘y berib, dastlabki yordam ko‘rsatilgach ham, u 2-3 daqiqada o‘ziga kelmagani xabar qilingandi.

O‘sha vaqtda Britaniya jamoasi shifokorlari Harj Singh va Robbi Lillis yaqinroqda bo‘lishgan. Ular zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishgan – defibrilliator yordamida Qilichevning hayotini saqlab qolishgan. So‘ng murabbiy shifoxonaga yuborilgan. 

Ma’lumot uchun, xuruj sabab murabbiy shogirdlari — Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullojonov va Bahodir Jalolov ishtirokidagi finallarni o‘tkazib yubordi.

Mavzuga oid