Jahon | 11:30 / 13.08.2024
1815
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA: Zaporijjya AESga o‘ylamasdan qilingan hujumlar to‘xtatilishi kerak

12 avgust holatiga ko‘ra, Zaporijjya AESda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida stansiya sovitish minoralaridan biri butunlay yonib ketgan, uning qulashi xavfi yo‘q. Zaporijjya AES atrofidagi radiatsiyaviy fon normal darajada.

Foto: Smoliyenko Dmytro/Ukrinform/ABACA/picture alliance

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi atom elektr stansiyasi sovitish minoralaridan biridagi yong‘in fonida Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)ga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi. Rossiya Federatsiyasi va Ukraina yong‘inda bir-birini aybladi. «Bu o‘ylamasdan qilingan hujumlar stansiyadagi yadro xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadi va yadroviy avariya xavfini oshiradi. Ular hozir to‘xtashi kerak», dedi Grossi 11 avgust kuni AEXA saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotida

AEXA bosh direktori Grossi, shuningdek, Zaporijjya AESga qarshi qaratilgan har qanday harbiy harakatlar BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 2023 yil may oyida o‘rnatilgan energetika obektini himoya qilishning beshta tamoyilini ochiqdan ochiq buzish ekanligini eslatdi. 

Shu bilan birga, AEXA ekspertlari Rossiya tomonining yong‘inga qaramay, Zaporijjya AES atrofida radiatsiyaviy fon normal ekanligi haqidagi so‘zlarini tasdiqladi. Rossiya nazorati ostidagi stansiya matbuot kotibi Yevgeniya Yashinaning so‘zlariga ko‘ra, 12 avgust holatiga ko‘ra, sovitish minorasi ichkaridan butunlay yonib ketgan, biroq uning qulashi xavfi yo‘q. 

Ukraina Zaporijjya AESga qilingan hujumni tasdiqlamayapti 

Rossiya Ukrainani stansiyaga uchuvchisiz uchoq bilan zarba berishda aybladi. Ukraina tomoni Zaporijjya AESga dronlar uchirilganini inkor etmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yong‘inda Rossiya Federatsiyasini aybladi. «Zaporijjya atom elektr stansiyasi egallab olingan birinchi kundanoq Rossiya undan Ukrainani, butun Yevropa va dunyoni shantaj qilish uchun foydalanmoqda», — deb yozdi Ukraina rahbari va faqat Kiyev o‘z nazorati ostida stansiyada xavfsizlikni kafolatlashi mumkin ekanligini ta’kidladi.

Zaporijjya AES 2022 yildan beri sovuq o‘chirish rejimida 

Zaporojjya AES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan so‘ng u rus qo‘shinlari tomonidan egallab olindi va u bir necha marta uchuvchisiz uchoqlardan hujumga duchor bo‘ldi hamda o‘qqa tutildi. Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. AEXA Zaporijjya AESda «yadro xavfsizligining barcha ustunlari» yo‘q qilinayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Rossiya qo‘liga o‘tgandan beri Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani uchun kamida sakkiz marta quvvatini yo‘qotdi. O‘chirish vaqtida yadro yoqilg‘isining reaktorlarda va sovitish havzalarida xavfsiz holatda saqlanishiga tahdid mavjud. Stansiya 2022 yil 11 sentabrdan beri elektr energiyasi ishlab chiqarmaydi. Oltita ZAES reaktorining hammasi sovuq o‘chirish rejimida.

Mavzuga oid