Sport | 18:00 / 14.08.2024
21563
2 daqiqa o‘qiladi

Bulung‘ur tumani hokimi bokschi Sitora Turdibekovaga uy sovg‘a qildi

13 avgust kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi a’zosi, Parij-2024 Olimpiadasi ishtirokchisi Sitora Turdibekova Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tantanali bilan kutib olindi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar bergan.

Lin Yu Tin va Sitora Turdibekova / Foto: olympic.uz

Tuman hokimi Samandar Astanov bokschi qizning Parijdagi turnirning nimchorakfinalida taypeylik raqibiga alamli tarzda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, musobaqada munosib ishtirok etib, olqishlarga sazovor bo‘lganini qayd etdi va unga yangi uy sovg‘a qilgan. Shuningdek, bokschining ota-onasiga esdalik sovg‘alar topshirildi.

Hokimlikning Gazeta.uz saytiga ma’lum qilishicha, xonadon tadbirkor tomonidan berilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 Olimpiadasi ayollar o‘rtasidagi boks bahslarining -57 kg vazn toifasida Sitora Turdibekova taypeylik Lin Yu Tinga mag‘lub bo‘lib, turnirni ko‘zda yosh bilan tark etgandi. Testosteroni yuqori ekani aytilgan taypeylik bokschi yakunda Olimpiada chempioniga aylangandi.

Avvalroq, Xalqaro boks assotsiatsiyasi IBA prezidenti Umar Kremlev Olimpiadada adolatsizlikka uchragan bokschi qizlarni ham 1-o‘ringa beriladigan pul mablag‘lari – 100 ming AQSh dollari miqdorida mukofotlashi haqida e’lon qilgandi.

Mavzuga oid