O‘zbekiston | 13:00 / 17.08.2024
1888
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchisi Qozog‘istondagi diplomatik missiyasini yakunlayapti

Ostonadagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev 15 avgust kuni Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu tomonidan qabul qilindi.

Foto: Dunyo

Qozog‘iston TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida vazir ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qozog‘iston Prezidentining farmoniga muvofiq, vazir amalga oshirilgan ulkan ishlar va elchining ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Saidikrom Niyozxo‘jayevni oliy davlat mukofoti – II darajali "Dostyq" ordeni bilan taqdirladi va uning kelajakdagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Saidikrom Niyozxo‘jayev 2018 yilning mart oyida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi etib tayinlangan edi. Bunga qadar u O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va turli davlat organlarida mas’ul lavozimlarda, jumladan, davlat maslahatchisi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Shuningdek, Saidikrom Niyozxo‘jayev 2015-2018 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid