Jahon | 11:37 / 17.08.2024
2789
4 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiya orollarida Yerdagi muzlik davriga oid muhim dalillar topildi

Olimlar Shotlandiya orollari guruhi Yer sayyorasining eng katta jumboqlaridan birini ochishga yordam berishi mumkin deb hisoblamoqda.

Tadqiqotchilar Shotlandiyaning g‘arbiy qirg‘og‘idagi Garvellah orollari bundan taxminan 720 million yil oldin Yer o‘z tarixidagi eng katta muzlik davrini boshdan kechirganiga muhim dalil bo‘lishini aniqladi.

80 million yil davomida deyarli butun Yer sharini ikki bosqichda qamrab olgan kuchli sovuq “Qorli Yer” nomi bilan mashhur. Undan keyin dastlabki hayvonlar paydo bo‘lgan.

Boshqa hamma joyda muzlik davri haqida qoyalarga yashiringan ma’lumotlar o‘chib ketgandi — ular faqat Garvellah orollarida saqlanib qolgan. Tadqiqotchilarning umidlariga ko‘ra, bu orollar nima sababdan Yer shunchalik uzoq vaqt muzlik ostida bo‘lganini aytib beradi, qolaversa, murakkab hayot yuzaga kelishida bu davrning ahamiyati qanday ekanini tushuntiradi.

Sayyora tarixidagi eng uzoq va eng qattiq muzlik davrida Yer deyarli butunlay muz bilan qoplangan.

Tog‘ jinslari qatlamlarini tarixiy kitob sahifalari deyish mumkin — har birida Yerning uzoq o‘tmishdagi holati haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq qorli Yerning shakllanishigacha bo‘lgan muhim davr yo‘qotilgan hisoblanadi, chunki tosh qatlamlari qattiq muzlash oqibatida eroziyalangan.

London Universitet kolleji olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot Garvellah qandaydir sabab bilan saqlanib qolganini aniqladi. Bu orollar Yer o‘z tarixidagi eng halokatli davrlardan biriga qanday kirgani, yuz millionlab yil oldin qorlar erishi ortidan ilk hayvonlar qanday paydo bo‘lgani haqida batafsil ma’lumotlarni bag‘rida yashirgan yagona joy bo‘lishi mumkin.

Shotlandiya o‘sha paytda butunlay boshqa yerda bo‘lgan, vaqt o‘tishi bilan qit’alar joylashuvi o‘zgargan. Yer ekvatorining janubida joylashgan hudud muzlik davridan oldin tropik iqlimga ega edi.

Muzlik davriga qadar Shotlandiya Yer ekvatorining janubida joylashgan va tropik iqlimga ega bo‘lgan.

“Shotlandiyada dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan muzlik davrini qayd etdik”, — dedi tadqiqotga rahbarlik qilgan London Universitet kolleji professori Grem Shilds BBC News’ga. “Boshqa joylarda eroziya tufayli millionlab muhim yillar yo‘qotilgan, Garvellahdagi tog‘ qatlamlarida esa ularning barchasi saqlanib qolgan”.

Shotlandiyadagi Ichki Hebrid orollarida aholi yashamaydi, oroldagi yagona binoda ishlaydigan bir guruh olimlar bundan mustasno, shu bilan birga hududda VI asrga oid kelt monastiri xarobalari mavjud.

Oroldagi kashfiyot professor Shildning aspiranti Elias Ryugen tomonidan amalga oshirildi va uning natijalari London Geologiya jamiyati jurnalida chop etildi. Elias birinchi bo‘lib tog‘ jinsi qatlamlari paydo bo‘lgan davrni aniqladi va ularni dunyoning boshqa qismlarida izi o‘chib ketgan muhim davrga tegishli deb topdi.

Uning kashfiyoti sabab Garvellah orollari fandagi ulkan yutuqlar erishilgan hududlar safiga qo‘shiladi, orolga sayyorani o‘zgartirgan geologik hodisa borligini anglatuvchi oltin qoziq qoqiladi (talonchilikning oldini olish uchun qoziq chinakam oltindan emas).

Elias Rugen orzusidagi oltin qoziqni qoqishga joy tanlayapti. Hozircha u sabzi bilan mashq qilyapti.

Elias o‘z pozitsiyasini himoya qilish uchun qoyalar yuzasiga ko‘plab ekspertlarni olib chiqdi. Endi u o‘z ishini kengroq geologik hamjamiyatda tan oldirmoqchi. Kashfiyot tan olingan taqdirda, unga beriladigan mukofot orolning ilmiy obro‘yini oshiradi va tadqiqot uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qiladi.

Mavzuga oid