O‘zbekiston | 10:57 / 22.08.2024
1469
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus O‘zbekistonda biomedikal hujayra preparatlari ishlab chiqarmoqchi

Belarusning ommabop tvr.by saytida "O‘zbekiston va Belarus farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: RIA Novosti / Valeriy Melnikov

Manbada, 2024 yilda Toshkentda belaruslik mutaxassislar ishtirokida Regenerativ tibbiyot markazini ochish rejalashtirilayotgani xabar qilingan. Markazda biomedikal hujayra preparatlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashning yangi yo‘nalishi hisoblanadi.

"Belarusda bu texnologiyalar besh yildan ortiq vaqtdan beri faol qo‘llanmoqda va belaruslik shifokorlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishga tayyor", – deyilgan nashrda.

Bundan tashqari, maqolada Belarus Sog‘liqni saqlash ekspertiza va sinov markazi direktori o‘rinbosari Olga Juravlevaning O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish haqidagi fikrlari o‘rin olgan. 

"O‘zbekiston – o‘sib borayotgan yirik bozor. Albatta, bu bizning farmatsevtika sanoatimizni o‘ziga jalb qiladi. Belarus tomoni u yerga dori vositalarini eksport qilishdan manfaatdor. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar boshqa bozorlar qatori Belarusga ham kirishni istaydi. Bu g‘oyalarni amalga oshirish uchun dastlab ikki tomon o‘rtasida hamkorlik aloqalari kuchaytirilishi kerak", – deydi u.

Mavzuga oid