Jahon | 18:04 / 29.08.2024
11077
6 daqiqa o‘qiladi

Shoyguning yana bir sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi

Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Pavel Popova firibgarlik ishi bo‘yicha hibsga olindi. U so‘nggi oylarda mudofaa vazirligi tizimida korrupsiya bo‘yicha qo‘lga olingan o‘ninchi amaldor bo‘ldi.

Foto: Sergei Bobylev/TASS

Moskvadagi 235-garnizon harbiy sudi Popovni tergov izolyatoriga jo‘natdi. «Mediazona» xabariga ko‘ra, sud majlisi «tergov sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar oshkor etilishi ehtimoli tufayli» yopiq rejimda o‘tkazilgan.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Pavel Popovga nisbatan firibgarlik (RF JK 159-moddasi, 4-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov 2021–2024 yillarda «Patriot» parki hisobidan boylik orttirgan, u sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguning o‘rinbosari sifatida ushbu park rivojlantirilishi va faoliyati uchun mas’ul edi.

Tergov qo‘mitasi tasdiqlashicha, Popov qo‘li ostidagi xodimlar orqali «Patriot» parkida qurilish ishlarini olib borgan kompaniyalarni «o‘zining shahar tashqarisidagi mulklarida pul to‘lanmagan holda qurilish-montaj ishlarini bajarish»ga majbur qilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov uy qurilishi yakunlanganidan keyin park mablag‘lari hisobidan «o‘zining uch gektarga yaqin maydondagi uchastkasining texnik va xo‘jalik ta’minotini davom ettirgan».

Shuningdek, Tergov qo‘mitasi qayd etishicha, Popov va uning oilasi a’zolari Moskva shahri, Moskva oblasti va Krasnodar o‘lkasida «ko‘p sonli ko‘chmas mulk obektlari»ga egalik qiladi, oilaga tegishli mulklarning jami qiymati 500 mln rubldan ortiqni tashkil etadi.

Qo‘mitaga ko‘ra, Pavel Popov parkning avgust oyi boshida qo‘lga olingan direktori Vyacheslav Axmedov va RF mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Shesterov bilan til biriktirgan.

Ular «Patriot» parki faoliyati va ishlashini ta’minlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib ushlangandi. Keyinroq Axmedov hibsga olindi, Shesterov esa uy qamog‘iga yuborildi.

Popov hibsga olinganidan keyin «RIA Novosti» Axmedov va Shesterov armiya generaliga qarshi ko‘rsatma bergani haqida yozdi, TASS ma’lumotida esa unga qarshi faqat Axmedov guvohlik bergani aytilgan. Ikki agentlik ham anonim manbalariga havola qilgan, bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

«Popov o‘z aloqadorligini rad etdi, parkka u rahbarlik qilmagan», — degan jurnalistlarga uning advokati Igor Dyukin.

Armiya generali Popov qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash bo‘yicha sudda
Sergei Bulkin/TASS

Hibsga olingan generallar

Pavel Popov so‘nggi oylarda mudofaa vazirligi tizimida korrupsiya bo‘yicha qo‘lga olingan o‘ninchi amaldor bo‘ldi, «Patriot» ishi bo‘yicha ushlangan Axmedov va Shesterov ham shu ro‘yxatda.

Mudofaa vazirligi tizimining yuqori martabali vakillariga qarshi shov-shuvli jinoiy ishlar to‘lqini joriy yil aprelida mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olinishi bilan boshlangandi.

Ivanov hibsga olinganidan keyingi bir oy davomida 58-armiya sobiq qo‘mondoni Ivan Popov, Mudofaa vazirligining Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov hamda Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Shamarin, shuningdek davlat mudofaa xaridlari departamenti rahbari Vladimir Verteletskiy ham tergov izolyatoriga joylashtirildi.

25 iyul kuni mudofaa vazirligining Harbiy-qurilish kompaniyasi sobiq direktori Andrey Belkov, 26 iyul kuni esa Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, moddiy-texnik ta’minot uchun javobgar bo‘lgan Dmitriy Bulgakov ham qo‘lga olindi. U mudofaa vazirligi rahbarlik tizimida aprel oyidan buyon hibsga olingan yettinchi mulozim bo‘lgandi.

Ularning barchasiga nisbatan korrupsiya bo‘yicha ishlar ochilgan.

«Patriot» parki 2014 yilda sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan ochilgandi.
Mikhail Japaridze/TASS

«Patriot» parki — qariyb 5,5 ming gektar maydonni egallagan muzey-ko‘rgazma maydoni bo‘lib, Rossiya armiyasining asosiy ibodatxonasini ham o‘z ichiga oladi. Park 2014 yilda o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan ochilgan, u 2024 yil bahorida vazirlikdan ketib, RF xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga o‘tkazildi.

Pavel Popov 1990-yillar va 2000-yillarda ham FVVda Sergey Shoygu qo‘li ostida ishlagan. U 2013 yilda rahbari ortidan mudofaa vazirligiga ishga o‘tadi va 2012 yil oktyabridan vazir lavozimida ishlay boshlagan Sergey Shoyguning yordamchisi bo‘ladi.

Bir necha oydan keyin Popov vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 2015 yilda u armiya generali unvonini oladi. Joriy yil iyuni o‘rtalarida Pavel Popov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan va harbiy xizmatdan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid