Bloomberg: Zelenskiy Hindistonda tinchlik sammitini o‘tkazish niyatida
Ukraina prezidenti ushbu taklifini Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvda ilgari surgan. Manbalarga ko‘ra, Modi hozircha bu turdagi sammitni o‘tkazishga rozilik bermagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Hindistonda tinchlik sammitini o‘tkazish taklifini bildirdi. Davlat rahbari ushbu taklifini Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvda ilgari surgan, deb xabar beradi Bloomberg.
Zelenskiy noyabr oyida AQShda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlaridan oldin ikkinchi uchrashuvni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Manbalarning qayd etishicha, Modi hozircha bu turdagi sammitni o‘tkazishga rozilik bermagan. Zelenskiy matbuot kotibi Sergey Nikiforovning ma’lum qilishicha, keyingi sammitni janubiy davlatlardan birida, xususan, Hindistonda o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
O‘z navbatida Modi tinchlik jarayonida «konstruktiv rol» o‘ynashga tayyorligini bildirgan, biroq Hindiston TIV vakili Randhir Jaysvalning so‘zlariga ko‘ra, «bu bosqichda aniq mexanizmlar va yo‘llar haqida gapirishda juda erta».
Modi 23 avgust kuni Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.
Iyul boshlarida RF Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin Rossiya Ukraina bo‘yicha ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etmoqchi emasligini ma’lum qilgandi. 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada o‘tkazilgan birinchi tinchlik sammitiga Rossiya delegatsiyasi taklif qilinmagan edi. Konferensiyada Ukraina prezidentining tinchlik formulasi bo‘yicha ayrim bandlari muhokama qilingan. Sammit yakunida 80 ga yaqin davlat tomonidan kommyunike imzolangan.
Tadbir avvalida Rossiya prezidenti Vladimir Putin jangovar harakatlarni to‘xtatish va muzokaralarni boshlash shartini e’lon qilgandi. U Kiyevdan Rossiya armiyasi tomonidan egallangan Xerson, Zaporojye, Donetsk va Lugansk viloyatlaridan ukrain qo‘shinlarini olib chiqib ketish, shuningdek, NATOga qo‘shilishdan voz kechishni talab qildi. Zelenskiy Rossiya prezidentining talabini ultimatum deb atadi.
Mavzuga oid
18:07 / 24.12.2024
Hindiston 2040 yilda Oyga o‘z kosmonavtini uchiradi
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024