Jahon | 20:58 / 30.08.2024
6059
2 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ilk marta intervyu berdi

U Baydenning poygadan chiqqani haqida qanday bilganini aytdi va o‘z ma’muriyatida respublikachi bo‘lishini va’da qildi.

Foto: CNN

Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harris ilk intervyusini berdi. Uning qisqa mazmunini Meduza keltirdi.

«Men hozir bu lavozim uchun irqi va jinsidan qat’i nazar, barcha amerikaliklar uchun eng yaxshi nomzod ekanligimga ishonaman».

«Jo Bayden menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z nomzodini qaytarib olishini aytganida, men jiyanlarim uchun nonushta tayyorlayotgan edim. Men undan «Ishonchingiz komilmi?» deb so‘radim. Birinchi fikrim o‘zim haqimda emas, u haqida edi. Baydenning prezidentligi mamlakatni o‘zgartirdi. U aql, qat’iyat va xarakterga ega; Trampda bularning hech biri yo‘q. Tramp pandemiya oqibatlarini bartaraf eta olmadi va Bayden ma’muriyati iqtisodiyotni qayta tiklash bo‘yicha katta ishni amalga oshirdi».

«Agar men saylovda g‘alaba qozonsam, o‘z kabinetimga respublikachilardan birini tayinlayman – muhim qarorlarni qabul qilishda turli qarashdagi odamlar ishtirok etishi kerak, bu jamiyat uchun foydali bo‘ladi».

«Tramp meni siyosiy maqsadlarda «to‘satdan afro-amerikalik bo‘lib qoldi» dedi, bunday da’vosi zeriktiradi. Keyingi savolga o‘tavering. Uning prezident sifatidagi harakatlari mamlakatni ikkiga bo‘lib yubordi va menimcha, odamlar bu sahifani yopishga tayyor».

AQSh prezidentligi saylovi 5 noyabr kuni o‘tkaziladi. Unda demokratlar vakili Kamala Harris va respublikachilar vakili Donald Tramp asosiy raqib bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid