O‘zbekiston | 20:29 / 30.08.2024
8413
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident mustaqillik bayrami arafasida 522 kishini afv etdi

Prezident farmoni bilan jazo muddatini o‘tayotgan va qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 522 nafar shaxs afv etildi. Ularning 159 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 303 nafari shartli ozod qilindi. Afv etilganlar orasida 19 nafar chet el fuqarosi, 27 nafar taqiqlangan tashkilotlardagi shaxslar mavjud.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning o‘ttiz uch yilligini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 522 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 159 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 303 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 60 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. 

Afv etilganlarning 19 nafarini chet el fuqarolari, 56 nafarini ayol, 25 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 233 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 27 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid