Jahon | 12:22 / 06.09.2024
1939
3 daqiqa o‘qiladi

Portugaliya suv resurslari barqarorligiga sarmoya kiritishga chaqirmoqda

Yevropa Ittifoqi aholisining 30 foizi tez-tez sodir bo‘layotgan qurg‘oqchilik va suv toshqinlaridan aziyat chekmoqda.

Foto: AP

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash Yevrokomissiyaning yangilangan tarkibi uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Portugaliya energetika va atrof-muhit vaziri Mariya da Graza Karvalo Bryusselga shunday chaqiriq bilan murojaat qildi.

Yevropa Ittifoqi hududining qariyb 20 foizi, aholisining 30 foizi tez-tez sodir bo‘layotgan qurg‘oqchilik va suv toshqinlaridan aziyat chekmoqda. Bahorda Ispaniyaning Kataloniya hukumati favqulodda holat e’lon qilishga va suv iste’molini cheklashga majbur bo‘lgandi. Bu faqat bitta misol.

Iqlim o‘zgarishi fonida kelajakda Yevropa Ittifoqini yanada ko‘proq muammolar kutmoqda. Bryusselda Yevrokomissiya vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng Mariya da graza Karvalo suv resurslari sohasiga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidladi.

“Yangi qonunlar qabul qilishni so‘rash uchun kelganimiz yo‘q, bizga suv to‘g‘risidagi qonunlar kerak emas. Bu masala Yevropa Ittifoqining navbatdagi budjetida ustuvor vazifa sifatida ko‘rib chiqilishi, aholini suv bilan ta’minlash Yevropa investitsiya banki uchun ham ustuvor vazifa bo‘lishi kerak”, — dedi u.

2024 yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqining 21 mamlakati tomonidan barqaror suv ta’minoti masalasi bo‘yicha Yevropa Komissiyasiga xat yuborilgan edi. Matn Portugaliya hukumati tomonidan tayyorlangan. Unda qurg‘oqchilikdan iqtisodiy yo‘qotishlar Yevropa Ittifoqiga har yili 9 milliard yevroga tushishi, asr oxiriga kelib esa bu miqdor 65 milliardga yetishi mumkinligi aytiladi.

Suvdan foydalanish masalalari bilan atrof-muhit, okeanlar va baliqchilik bo‘yicha yevrokomissar shug‘ullanadi. Portugaliya vazirining ta’kidlashicha, suv iqtisodiyotning ko‘plab sohalari uchun hal qiluvchi resursdir: sanoatdan tortib energetikagacha, qishloq xo‘jaligidan tortib turizmgacha va hatto mudofaa uchun ham.

“Dunyoning ko‘p hududlarida suv tanqisligi mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holat yuz bermasligi uchun biz yetarli miqdordagi sifatli suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz zarur”, — qo‘shimcha qildi Karvalo.

Yevropa Kengashi tomonidan kelgusi 5 yilga tasdiqlangan strategik reja hamjamiyat davlatlarini suv resurslarining barqarorligini oshirish va keng ko‘lamli transchegaraviy suv infratuzilmasiga investitsiya kiritishga majbur etadi.

Mavzuga oid