O‘zbekiston | 22:25 / 10.09.2024
7362
2 daqiqa o‘qiladi

Olti turdagi muzqaymoqda ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi mahsulotlarni iste’moldan qaytarib olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Foto: Shutterstock

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 6 turdagi muzqaymoq tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar borligini aniqlaganini ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, «X Xasanboy va Xolod» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan «Xottabych» nomli muzqaymoqning 7 ta turi xarid qilingan va laboratoriyada tekshirilgan. Shunda, «Eskimo», «Bananli», «Fistashkali», «Shokoladli», «Olxo‘ri mevali» va «Plombir» tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar borligi aniqlangan.

Shu bilan birga, qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan «Xottabych» nomli muzqaymoqning «Eskimo», «Bananli», «Fistashkali»,«Shokoladli» kabi turlarida shakar miqdori belgilangan me’yorlardan ikki barobarga ko‘pligi, «Olma mevali» plombir mahsulotida esa aksincha, saxaroza miqdori me’yordan kamligi aniqlangan.

Shuningdek, o‘rganish davomida ushbu muzqaymoqlarning qadog‘ida «Muzqaymoqni iste’mol qilish vazningizni kamaytirishda, immunitetni oshirish va stressdan chiqishda yordam beradi, shuningdek, yaxshi kayfiyat taqdim etadi» degan ma’nodagi yozuvlarini tasdiqlovchi hech qanday xulosalar mavjud emasligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, mahsulotlarni iste’moldan qaytarib olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuborilgan.

Mavzuga oid