Jahon | 16:56 / 10.09.2024
11169
4 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” davlatchilikni qanchalik uddalayapti?

DXX raisi o‘tgan hafta Toshkentdagi konferensiyada so‘zlagan nutqida ShHTga a’zo davlatlarni “Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi. Kun.uz qo‘shni mamlakatdagi siyosiy va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga doir savollar bilan afg‘onshunos Hamza Boltayev va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovni studiyaga taklif etdi.

Hali hech bir davlat Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatini rasman tan olgani yo‘q. Lekin siyosiy muloqot doim bo‘lgan va davom etmoqda. O‘tgan oyda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Kobulga borib, toliblar boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga borgan ilk hukumat rahbariga aylangan edi. Muzokara mavzulari – iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, Qo‘shtepa kanali va xavfsizlik masalalaridan iborat.

Xo‘sh, “Tolibon” 3 yillik boshqaruvida nimalarni uddaladi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, fakt shuki, oxirgi 50 yilda ilk bor qo‘shni Afg‘oniston fuqarolar urushisiz hayot kechirmoqda. Bundan tashqari, “Tolibon”ning ikkinchi versiyasi 1996-2001 yillardagidan ko‘ra o‘zini kutilganidan vazminroq tutmoqda.

Rabbimovga ko‘ra, toliblar xalqaro hamjamiyat tomonidan ular oldiga qo‘yilgan asosiy talablardan biri – xavfsizlik va barqarorlikni, mamlakatning yana terrorizm o‘chog‘iga aylanib qolmasligini ta’minlash borasida yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. Ammo inklyuziv hukumat tuzish, xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash kabi boshqa fundamental masalalarda hozircha jiddiy ijobiy o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti.

Afg‘onshunos Hamza Boltayevga ko‘ra, dunyo davlatlarini “Tolibon” hokimiyatiga munosabati borasida ikkiga bo‘lish mumkin. Ayrim davlatlar, xususan g‘arb mamlakatlari toliblarni tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgani yo‘q va inson huquqlari masalalarini urg‘ulamoqda. Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar uchun esa tinchlik va barqaror muhimroq va ular “Tolibon” bilan muloqot qilish, uning Afg‘onistondagi de-fakto eng yirik siyosiy kuch ekanini tan olgan holda pragmatik siyosat yuritishni tanlamoqda.

“O‘zbekiston uchun Afg‘onistondan ehtimoliy muammolar bor. Birinchisi, suv manbasi bilan bog‘liq Qo‘shtepa kanalining qurilishi. Afg‘onistonda xotin-qizlar huquqlarining ta’minlanishini so‘rash, juda chiroyli eshitiladi, ammo biz uchun suv undan-da muhimroq”, – deydi Boltayev.

Rabbimovning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro hamjamiyatning talablar qo‘yib, bosim o‘tkazishi kelajakda o‘z samarasini beradi, chunki hozir “Tolibon”ning siyosiy qarashlari, ohanglari shakllanib boryapti.

“Inson huquqlari, ayollar huquqlari borasida ma’lum bir qadamlar tashlanmaydigan bo‘lsa, bu jamiyatning taraqqiyotiga ham to‘g‘anoq bo‘ladi, xalqaro obro‘si ham, investitsiyalar ham, boshqa narsalar ham bo‘lmaydi. Ya’ni, hokimiyatga keldingmi, marhamat, hokimiyatda chiroyligina o‘tir, repressiya qilmasdan, hammaga imkoniyat bergan holda...

Bilasizmi, “Tolibon” o‘zini islomiy harakat deydi, lekin boshqa konservativ musulmon davlatlari ham bor-ku, ularda ayollarning, qizlarning o‘qishiga hech qanaqa e’tiroz yo‘q”, – deydi siyosiy tahlilchi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid