O‘zbekiston | 19:55 / 12.09.2024
6502
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq metall tuzilmalar zavodi 39,9 mlrd so‘mga sotildi

Chirchiq metall tuzilmalar zavodini auksionda yagona narx taklifini bergan “UET Construction” MChJ 39,9 mlrd so‘mga (boshlang‘ich narxdan 5 foizga yuqori) sotib oldi. Kompaniya muhandislik inshootlari qurilishi bilan shug‘ullanadi, ustav kapitali – 1,2 mlrd so‘m.

Foto: E-Auksion.uz

11 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan elektron auksionda “Elektrtarmoqqurilish” AJning Chirchiq metall tuzilmalar zavodi bino va inshootlari sotildi.

Kimoshdi savdosi 24 daqiqa davom etdi. Unda 39,9 mlrd so‘m (boshlang‘ich bahodan 5 foiz yuqori) narx taklifini bergan “UET Construction” MChJ g‘olib deb topildi. Savdo vaqtida bu korxonadan boshqa ishtirokchilar taklif bermadi.

Obekt Toshkent viloyati Chirchiq shahri Transformatorchilar ko‘chasida joylashgan bo‘lib, 4,6 gektar maydonni egallagan. E-auksion ma’lumotiga ko‘ra, zavod barcha asbob-uskunalari, avtotransport vositalari, temiryo‘li va teplovozi bilan kompleks ravishda sotuvga qo‘yilgan.

Investor obektning sotilgan yakuniy narxidan 50 foizi miqdoridagi summani 10 kun mobaynida to‘lashi, qolgan qismini 6 oy muddat ichida to‘lashi kerak.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, auksion g‘olibi “UER Construction” MChJ 2023 yil aprel oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Ustav kapitali – 1 milliard 245 million so‘m bo‘lib, u korxona muhandislik inshootlari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ta’sischisi – Haydarxonov Akmalxon A’zamxon o‘g‘li.

Chirchiq metall tuzilmalar zavodi 2023 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan kreditorlar umumiy yig‘ilishi qarori asosida joriy yil may oyida kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.

Avvalroq spirt ishlab chiqaruvchi Andijon biokimyo zavodining 96 foizlik davlat ulushi 101,3 mlrd so‘mga Jasmine Gold Group'ga sotilgan edi.

Mavzuga oid