Jahon | 20:50 / 13.09.2024
3980
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda parvoz vaqtida harbiy samolyotning dum qismi uzilib tushdi

Samolyot nosozlikka qaramay, keyinroq muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. Boeing C-17 Globemaster III ekipaji sodir bo‘lgan holat yuzasidan Charlston birlashgan bazasiga ma’lum qilib, ortga qaytgan.

Foto: ABC News

AQShda Boeing C-17 Globemaster III harbiy samolyotining dum qismi parvoz vaqtida ajralib, Janubiy Korolinadagi maktab avtoturargohiga qulab tushdi, deb xabar beradi ABC News.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ma’lum qilishicha, mazkur voqea 12 sentabr kuni soat 16:00 lar atrofida Xanaxan shahridagi maktab yaqinida yuz bergan.

Qayd etilishicha, samolyot nosozlikka qaramay keyinroq muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. C-17 ekipaji sodir bo‘lgan holat yuzasidan Charlston birlashgan bazasiga ma’lum qilib, ortga qaytgan.

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar samolyotning yerga qulagan qismini topgan, jarohat olish yoki o‘zgalar mulkiga shikast yetish holati aniqlanmagan.

Boeing kompaniyasi 2024 yil davomida matbuot e’tiboridan tushmay kelmoqda. 5 yanvarda Boeing 737 samolyotini navbatdagi marotaba tekshirishga sabab bo‘lgan voqea AQShning Oregon shtati osmonida sodir bo‘lgandi. O‘shanda Portlenddan Kaliforniyaga uchgan samolyotda parvoz boshlanganidan 20 daqiqa o‘tgach, fyuzelyaj elementlaridan biri illyuminator bilan birga uzilib tushgan.

May oyida esa Boeing samolyotlarini ishlab chiqaruvchi Spirit AeroSystems kompaniyasining sobiq sifat auditori Joshua Din 30 aprel kuni vafot etgan edi. Avvalroq, u Spirit rahbariyati 737 MAX samolyotini ishlab chiqarish jarayonidagi kamchiliklarga e’tibor bermayotganini aytgan.

Mavzuga oid