Iqtisodiyot | 18:04 / 14.09.2024
5156
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda

Avgust oyida “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftgaz” va UzGasTrade iyuldagiga qaraganda o‘rtacha 2 barobarga kam soliq to‘ladi.

Foto: O‘ztransgaz

Soliq qo‘mitasi 2024 yil yanvar-avgust oylarida eng ko‘p soliq to‘lagan top-20 soliq to‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Unda energetika korxonalari to‘lagan soliqlar avgustda keskin qisqarganini ko‘rish mumkin. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi.

Bir muddat oldin O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchisi bo‘lgan “O‘ztransgaz” avgust oyida atigi 33,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu – iyuldagidan 2,43 barobariga kam.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Otabek Bakirov tomonidan tuzilgan jadval

Shuningdek, UzGasTrade avgustda iyulga nisbatan soliq tushumlarini 2,1 karraga qisqartirgan.

Yil boshida ham O‘zbekistonning NKMK va OKMKdan keyingi uchinchi soliq to‘lovchisi bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” endi top-5 likdan ham tushib ketgan. “O‘zbekneftgaz” o‘tgan oyda soliq tushumlarini 1,62 barobariga qisqartirgan. “Hududgazta’minot”da esa soliq tushumlari 2,1 mlrd so‘mga qisqargan.

“Umuman olganda, energetikadagi yuqoridagi 4 kompaniya soliq tushumlari iyuldagi 1 144,8 mlrd so‘mdan, 737,6 mlrd so‘mgacha, ya’ni 407,2 mlrd so‘mga qisqargan. Atigi bir oydagi qisqarish ko‘lamini tasavvur qilishingiz uchun, 407,2 mlrd so‘mga 660 o‘rinli 21 ta maktab qurish mumkin edi”, – deydi iqtisodchi.

Avvalroq Kun.uz 7 oylik natijalarga ko‘ra, yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirgani haqida yozgandi. Xususan, yanvar-iyul oylarida soliq tushumlari “O‘zbekneftgaz”da 24 foizga, Buxoro neft zavodida 42 foizga, “Issiqlik elektr stansiyalari”da 2,2 barobarga, “Uz-Kor Gas Chemical”da 3,2 barobarga, GTL zavodida esa 2 barobarga kamaygan.

Mavzuga oid