Jahon | 09:40 / 16.09.2024
2560
4 daqiqa o‘qiladi

FQB: Golf-klub yonidagi voqea Trampga suiqasd bo‘lishi mumkin

Noma’lum erkak Donald Trampning Uest-Palm-Bichdagi golf-klubi devori yonida yashiringan. Maxfiy xizmat agenti tomonidan aniqlanganidan keyin u AK-47 avtomati va GoPro kamerasini butalar orasida qoldirib, qochishga uringan.

Foto: Marco Bello/REUTERS

15 sentabr, yakshanba kuni AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) Florida shtatidagi Uest-Palm-Bich shahridagi golf-klubda yuz bergan otishma Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga suiqasdning navbatdagi urinishi bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Idora vakili matbuot anjumanida «FQBning barcha resurslari voqeani tekshirish uchun safarbar etilganini» aytdi.

Palm-Bich okrugi sherifi Rik Bredshou jurnalistlarga voqeada gumonlanuvchi qo‘lga olish vaqtida qurolsiz va «nisbatan xotirjam» bo‘lganini aytdi. Erkak o‘zining suiqasdga aloqadorligi haqida hech qanday bayonot bermagan. Gumonlanuvchi yashiringan butalar ichidan AK-47 avtomati, GoPro kamerasi va keramik plitka solingan ikkita ryukzak topilgan, dedi Bredshou.

Trampning o‘zi allaqachon saylovoldi kampaniyasi homiylariga maktub yo‘llab, tarafdorlarini sog‘ va xavfsiz joyda ekanligiga ishontirgan. «Yonimda o‘q ovozlari eshitildi, lekin mish-mishlar nazoratdan chiqa boshlamasdan oldin, shuni eshitishingizni istardim: men xavfsiz joydaman va sog‘man. Meni hech narsa to‘xtata olmaydi. Hech qachon taslim bo‘lmayman», deb yozdi u.

Tramp golf-klubidagi voqea

Taxminlarga ko‘ra, AQSh Maxfiy xizmati xodimi Donald Tramp golf maydonida bo‘lganida panjaradan miltiq uchi chiqib turganini ko‘rgan, keyin noma’lum shaxs bilan «aloqa o‘rnatgan».

Hodisa guvohining Palm-Bich okrugi sherifiga ma’lum qilishicha, u gumondorning butalar orasidan yugurib chiqib, qora Nissan mashinasiga o‘tirganini ko‘rgan. Voqea guvohi mashina va davlat raqamini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Tez orada erkak qo‘lga olindi.

Iyul oyida Trampga suiqasd uyushtirilgan edi

Donald Tramp 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi mitingida nutq so‘zlayotganida hujumga uchradi. To‘rtta o‘q uzildi, shundan so‘ng sobiq prezident qulog‘ini ushlab olganicha, beshinchi va oltinchi o‘qdan oldin minbar orqasiga yashirinishga muvaffaq bo‘ldi. Shu payt qo‘riqchilar uni o‘rab olishdi va yana bir necha o‘q uzildi. Keyin qulog‘idan qon oqayotgan Trampni sahnadan olib ketishdi.

Sobiq prezident kasalxonaga yotqizilgan va u yerda davolangan. Keyinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tezkor reaksiya uchun maxsus xizmat idoralariga minnatdorchilik bildirdi. «Eng muhimi, mitingda halok bo‘lgan odamning oilasiga hamda og‘ir jarohat olgan yana bir erkakning oilasiga hamdardlik bildiraman», — deb yozadi u.

Trampga hujumni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirgan, deb ma’lum qildi FQB vakili. Matbuot xizmati boshqa tafsilotlarni keltirmadi. Avvalroq FQB saylovoldi mitingidagi otishmani Trampga «suiqasd uyushtirish» sifatida rasman tan olgan edi.

Mavzuga oid