Jahon | 14:07 / 21.09.2024
12214
2 daqiqa o‘qiladi

Romitan hokimi yordamchisi sodir etgan YTHda maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi

Tumanning Iftixor mahallasi bo‘yicha hokim yordamchisi Elyor Toshpo‘latov “Nexia-2” avtomobilida shu mahalladagi 7-sonli maktabning 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. 10 yoshli bola voqea joyida vafot etgan.

Buxoro viloyati Romitan tumani hokimining “Iftixor” MFY bo‘yicha yordamchisi Elyor Toshpo‘latov o‘zining boshqaruvidagi “Nexia-2” avtomobilida sodir etgan yo‘l-transport hodisasida 10 yoshli bola vafot etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz manbasi. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari ushbu hodisa haqiqatda yuz berganini tasdiqladi.

Mahalliy Telegram-kanallardan birida “haydovchi qoidalarni buzgan holda katta tezlikda harakatlangani” aytiladi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hokim yordamchisining xatti-harakatlari kadrlar bo‘limi tomonidan o‘rganilmoqda.

Bu hodisa haqida Buxoro viloyati IIB YHXB tomonidan rasmiy ma’lumot berilmagan.

Bu joriy haftada maktab o‘quvchisining yo‘l-transport hodisasida vafot etishi bilan bog‘liq ikkinchi hodisadir. 20 sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida qoidalarni buzgan holda tez harakatlangan BYD elektromobili o‘quvchi qizni urib yuborishi tufayli 9 yoshli o‘quvchi qiz halok bo‘ldi.

Mavzuga oid