Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
Qirg‘iziston poytaxtida davlat xodimlariga seshanba va payshanba kunlari shaxsiy avtomobillaridan foydalanish cheklandi va jamoat avtobuslaridan foydalanish vazifasi qo‘yildi. Haftaning ushbu kunlari Bishkekda eng ko‘p avtomobil harakati kuzatiladigan kunlar hisoblanadi.
Qirg‘izistonda prezident ma’muriyati Bishkek shahar hokimligining munitsipal xizmatchilarga shaxsiy avtomobillaridan foydalanishni cheklash haqidagi tashabbusini ma’qulladi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmatiga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Tegishli ko‘rsatma vazirlik va idoralarga yuborilgan, unda barcha xodimlarga seshanba va payshanba kunlari jamoat transportidan foydalanish tavsiya etilgan. Haftaning ushbu kunlari Bishkekda eng ko‘p avtomobil harakati kuzatiladigan kunlar hisoblanadi.
Tashabbus shaharda transportga oid vaziyatni yaxshilash, jamoat transportiga bo‘lgan talabni ko‘paytirish va yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirishga qaratilgan. Bunday chora-tadbirlar jamoat transporti ishidagi muammolarni aniqlashga yordam beradi va shahar aholisining qulay harakatlanishi uchun maqbul shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi, deyiladi xabarda.
Nashr eslatishicha, poytaxt munitsipaliteti bu qoidani 2024 yil may oyidayoq o‘z xodimlari uchun joriy etgan va ushbu cheklovni bajarmaganlarni jazolashga ham ulgurgan.
Sentyabr oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat budjeti xarajatlarini optimallashtirish maqsadida 2026 yilgacha davlat xizmatchilarining ish haqini oshirishga moratoriy e’lon qilgandi. Shuningdek, davlat organlari shtatlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.
Mavzuga oid
16:10 / 21.12.2024
Londonda O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi
10:31 / 20.12.2024
Belgradda jamoat transporti bepul bo‘ladi
10:24 / 12.12.2024
Toshkentning ayrim ko‘chalarida transport harakati cheklandi
12:50 / 29.11.2024