O‘zbekiston | 21:21 / 05.10.2024
106555
15 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlarga kulgili jazo, “yil o‘qituvchilari”ga kvartira - hafta dayjesti

“Avtoterrorizm” avjida: salkam 200 tezlikda harakatlangan artist arzimas jarima bilan qutuldi. Grin-karta mavsumi boshlandi: millionlab o‘zbekistonliklar Amerikaga ketish umidida ariza to‘ldirmoqda. Prezident “Yil o‘qituvchisi” tanlovini e’lon qildi: har yili 200 dan ortiq pedagogga uch xonali kvartira beriladi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Borgan sari avjiga chiqayotgan qoidabuzarliklar

Odamlar jinoyatga qo‘l urish yoki urmaslik haqidagi qarorlarini ratsional tarzda qabul qiladi. Inson har qanday qilmishga qo‘l urishdan oldin tarozining bir pallasiga o‘zi oladigan foydani, ikkinchi pallasiga esa ehtimoliy oqibatlarni qo‘yib ko‘radi. Agar jinoyat uchun jazo yengil bo‘lsa, tabiiyki tarozining qonunbuzarlik turgan pallasi og‘ir keladi va odamlar qonunni buzishga moyil bo‘ladi.

Bu – iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Gari Bekkerning jinoyat nazariyasidan qisqacha xulosa edi. Iqtisodiyot fanidan tashqari, sotsiologiya, kriminologiya va psixologiya kabi fanlarda ham haddan tashqari yumshoq jazolarning samarasiz bo‘lishi isbotlangan. Afsuski, O‘zbekiston sharoitida buning isbotini ko‘rish uchun ilmiy tadqiqot qilishning hojati yo‘q. Kunda-kunora avtomobilini juda katta tezlikda boshqargani bilan maqtanuvchi potensial qotillar Instagram'da qonunlarga hurmatsizligini namoyishkorona ko‘rsatadi, bu bilan ayniqsa ota-onalarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi, hayotimizdan xotirjamlikni aritadi. Ayrimlari birovning bolasini bosib o‘ldirib ham, boladan ko‘ra ko‘proq temir aravasiga yetgan zararga ichi achiydi.

Davlatga kelsak, qoidabuzarlarning arzimagan jarimani to‘lab, yana shataloq otishda davom etayotganiga davlat tomoshabin bo‘lishdan nariga o‘tmaydi, kezi kelsa hatto jazodan ozod qilib yuborishdan ham tap tortmaydi.

Achinarlisi, yaqin-yaqingacha kamera qarshisida nomiga bo‘lsa-da uzr so‘ragan qoidabuzarlar endi pushaymon emasligini yashirib ham o‘tirmayapti. Buni maqtanchoq qoidabuzarlardan estafetani qabul qilib olgan ashulachi Jahongir Otajonov misolida yaqqol ko‘rish mumkin. U Toshkent–Samarqand yo‘lida bir qo‘lida telefon, ikkinchi qo‘lida rulni ushlab, mashinasining tezligini 195 km/soatgacha chiqarganini videoga olib, Instagram'ga joyladi. Videoda u piyodalar o‘tish joyidan salkam 150 km/s tezlikda o‘tganini ko‘rish mumkin. Otajonov salkam 200 km/soat tezlikka chiqqani, ustiga ustak telefon ishlatgani uchun jami 4,5 mln so‘m, chegirma bilan hisoblaganda 2 mln 250 ming so‘m jarimaga tortildi xolos. U YPX xodimlari bilan suhbatda “haydab ko‘rdim-da endi, nima deysiz” degan bo‘lsa, o‘zi chiqargan alohida videoda mashinasini so‘kib, zaharhanda kulganini ko‘rish mumkin.

Undan avvalroq Nigina Meliqo‘ziyeva ismli bloger Toshkent shahrida katta tezlikda “shashka” deb ataladigan xavfli burilishlar bilan avtomobil boshqargandi. Buning jazosi – 3,4 mln so‘mlik jarima va befarq ohangda uzr so‘rashdan iborat bo‘ldi xolos. Ma’lumot uchun, blogerning Instagram Stories'dagi bitta reklamasi narxi bir necha yuz dollar turadi. Unga solingan jarima esa, chegirma bilan hisoblaganda, 140 dollarga ham bormaydi.

Insonlar, ayniqsa bolalarning xavfsizligi va hayoti qadrlanadigan davlatlarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish ancha jiddiy javobgarlikka sabab bo‘ladi: jarimalar miqdori tiyib tura oladigan darajada yuqori, bir qator holatlarda qoidabuzarlar uzoq muddatga, hatto butun umrga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi, avtomobillari esa jinoyat quroli sifatida musodara qilinadi. Agar O‘zbekistonda ham shunday normal qoidalar ishlaganida, yuqorida aytganimiz blogerning ham, ashulachining ham qilmishidan keyingi harakatlari umuman boshqacha bo‘lishi aniq edi.

Ro‘y bergan avariyalarning katta qismi piyodalar o‘tish joyida bo‘layotgani rivojlangan davlatlarning yana bir tajribasini o‘rganishimiz kerakligini ko‘rsatyapti. Bu – aholi punktlaridagi piyodalar o‘tish joylari va chorrahaga kirib kelish nuqtalarini yo‘l sathidan balandroq qilib ko‘tarish bilan bog‘liq. Ilg‘or mamlakatlarda bunday balandliklar aholi yashash punktlarida xavfsizlikni ta’minlashning eng asosiy vositalaridan biri deb qaraladi, chunki bu holatda haydovchi istasa-istamasa tezligini pasaytirishga majbur bo‘ladi.

Dushanba kuni Yuqori Chirchiq tumanida ro‘y bergan avtohalokat buning zaruratini yaxshi ko‘rsatib beradi. Voqeada Cobalt haydovchisi maktablar atrofida tezlikni 30 km/soatdan oshirish taqiqlanganiga qaramay, bu talabga rioya qilmagan va piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 11 yoshli o‘quvchi qizni urib yuborgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, qizaloq yengil jarohatlangan, shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli yaxshiligi sababli uyiga javob berilgan.

Chorshanba kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida sodir bo‘lgan boshqa bir avariya esa maktab o‘quvchisining o‘limi bilan yakunlandi. Lacetti piyodalar o‘tish joyida qizil chiroqda o‘tayotgan 3 nafar o‘quvchi qizning 2 nafarini urib yuborgan, ulardan biri vafot etgan, ikkinchisi shifoxonaga yotqizilgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilari erta tongda repetitorga ketayotgan bo‘lgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi qo‘lga olingan.

Yana bir bor ta’kidlashimiz kerakki, bu va boshqa ko‘plab avariyalar – mas’ullarning real ishlaydigan, samarali choralarni yillardan beri paysalga solib kelayotganining bevosita oqibati. Lekin afsuski, qilinishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlar qanchalik katta bo‘lsa, ularning amalga oshishiga nisbatan umidlar ham shunchalik kichkina bo‘lib ko‘rinmoqda.

O‘zbekiston hukumatiga soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonga soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Tashkilot missiyasining xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat budjeti daromadlarining YaIMga nisbati pasayib ketishi kutilmoqda va bu soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi bilan bog‘liq. Xalqaro ekspertlar soliq organlarining qonundan chetga chiqishi holatlariga ham e’tibor qaratib, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga chaqirgan.

Hisobotda aytilishicha, energoresurslar tariflari oshirilishining ikkinchi to‘lqindagi ta’siri, shuningdek, sentabr-oktyabr oylarida oyliklar va pensiyalarning oshirilishi inflatsiya kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni yaratadi. Shu sababli Xalqaro valuta jamg‘armasi maqsadli inflatsiya darajasiga erishilmaguncha qattiq pul-kredit siyosatini saqlab qolishni tavsiya etmoqda. Agar inflatsiya kutilganidan oshib ketsa, Markaziy bank stavkalarni oshirishga tayyor turishi kerak, deyiladi hisobotda.

Statistika agentligiga ko‘ra, sentabr oyida yillik inflatsiya 10,5 foizni tashkil etgan. Yil boshidan beri dori narxlari salkam 25 foizga, metan narxi 36 foizga, benzin 14 foizga, mol va qo‘y go‘shti 11–12 foizga qimmatlashgan. Go‘sht narxining oshishi Qirg‘iziston joriy etgan taqiq fonida yana davom etishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni mamlakat rasmiylari ichki bozorda go‘sht narxi keskin ko‘tarilganini O‘zbekistonga eksport ko‘paygani bilan bog‘lab, go‘sht eksportini vaqtincha taqiqlab qo‘ygan. Bu taqiq o‘tgan hafta bekor qilingani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar 15 foizga oshirildi. 1 oktyabrdan e’tiboran esa o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshlari 15 foizga, budjet tashkilotlarida ishlovchi boshqa xodimlarning maoshlari 10 foizga ko‘tarildi. Indeksatsiya qilingan bazaviy hisoblash miqdori 375 ming so‘mni tashkil etadi.

Tuman (shahar) miqyosida eng yaxshi deb topilgan o‘qituvchilarga uy beriladi

O‘zbekistonda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga 3 xonali uy beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha vakillari bilan o‘tkazgan muloqotida aytib o‘tdi.

Har yili “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, tuman va shaharlarda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga prezident sovg‘asi sifatida uch xonali uy beriladi. 208 nafar o‘qituvchi uch xonali uy oladi. Lekin uy bekordan bekorga berilmaydi. Tumanda g‘olib bo‘lish kerak, tumanda dong‘i ketgan bo‘lishi kerak. Nima uchun o‘qituvchilarga beryapman? Bu eng to‘g‘ri yo‘l”, – ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘qituvchilarning oyligi 1 oktyabrdan 15 foizga oshirilganini ta’kidlab, kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikati yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu sertifikat uchun o‘tkaziladigan sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi. Bu bilan o‘qituvchilar uchun ming dollar maosh bugun real hodisaga aylanib borayotganini yaqqol ko‘rish mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun muallimlarning 88 foizi 6 mln so‘mgacha, 11 foizi 6-10 mln so‘m maosh olmoqda. O‘z ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming o‘qituvchi 10 mln so‘mdan ziyod maosh olmoqda. Boshlaganimizda hech kim bizga ishonmas edi, 2020 yilda bunday o‘qituvchilar bor-yo‘g‘i 102 taginani tashkil qilardi, mana hozir 6 mingta. Albatta, bu hali yetarli emas, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshganini ta’kidlashimiz lozim”,dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar soni 2 barobar oshiriladi, kelasi yili yana 2 mingdan ortiq kompyuter sinflari yangilanadi, sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasi ishlab chiqiladi. Iqtidorli yoshlarni xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi ochilishi, pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiya ta’sis etilishi kutilmoqda.

Turizmni rivojlantirish uchun yangi choralar

PayPal, Apple Pay, Google Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlari O‘zbekistonda ham ishlay boshlashi mumkin. Turizm rivojlantirishga doir hukumat qaroriga asosan, Markaziy bankka ushbu kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning xizmatlarini O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulash topshirig‘i berildi. Zarur holatlarda milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, avtomobillarni ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar ham taklif etilishi kutilmoqda. Transport vazirligiga Hertz, Avis, Sixt kabi brendlar bilan muzokara o‘tkazib, ularga O‘zbekistondagi aeroportlar va temiryo‘l vokzallarida avtoijara faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun sharoit yaratib berish vazifasi topshirildi.

Qaror bilan turizmning yangi turlarini joriy qilish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, zavodlar qanday ishlashini ko‘rsatuvchi sanoat turizmi, konlar va shaxtalarga sayohatni ko‘zda tutuvchi geologiya turizmi, laboratoriyalar va observatoriyalar bilan tanishtiruvchi ilmiy turizm yo‘nalishlari ochiladi. Harbiy turizmga qiziqqanlar uchun pulli o‘q otish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Siyosiy hayotga befarq bo‘lmaganlar esa davlat boshqaruvi organlarining binolari ichkarisida sayr qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov lavozimidan ozod etildi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva u bilan uchrashuvda ko‘rsatgan natijalari uchun minnatdorchilik bildirdi. Komil Allamjonov faoliyatini xususiy sektorda davom ettiradi. U iste’fosining ertasiga, o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabat bilan yo‘llagan tabrigida ta’lim sohasi vakillarini zudlik bilan sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘rganishga chaqirdi. “Bu xuddi “knopka”li telefonlar davri tugab, smartfonlar davri boshlangandek gap... Bu – bugungi davr revolyutsiyasi”, dedi Allamjonov.

Toshkent davlat agrar universitetida yirik yong‘in ro‘y berdi. 2 ta bino butunlay yonib ketgan, yana 2 tasiga jiddiy zarar yetgan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘qligi aytilmoqda. Guvohlarning so‘zlari va hodisa videolariga qaraganda, yong‘in binolardan birining tomidagi quyosh panellaridan boshlangan bo‘lishi mumkin. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu voqeaning ertasiga Samarqand arxitektura-qurilish universitetida ham yong‘in chiqib, oliygohning yangidan qurilayotgan faollar zali yonib ketdi.

Toshkentda 20ga yaqin ko‘p yillik daraxtlarni o‘ldirishga harakat qilinmoqda. Uchtepa tumani Nurobod mahallasidagi daraxtlarning ostiga bir necha marta zaharli modda quyib ketilgan. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi holat iyul oyida kuzatilgan, lekin aybdorlar haligacha topilmagan. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, tuman hokimi bu joyda do‘kon qurish uchun 2018 yilda qaror chiqarib bergan. Ekologiya vazirligiga ko‘ra, hokim yer ajratishdan oldin ekologik xulosa olmagan. Daraxtzor yerni qurilish qilish uchun berib yuborganlarga nisbatan, odatdagidek, hech qanday javobgarlik masalasi ko‘rilmayapti.

Grin-karta mavsumi boshlandi. Amerikada yashashni istovchi millionlab o‘zbekistonliklar bu yil 2 oktyabrdan 5 noyabrgacha ariza topshirishi mumkin. AQSh Davlat departamenti doimgidek firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda. G‘oliblar kelasi yil may oyida e’lon qilinadi. Eslatib o‘tamiz, rasman Xilma-xillik dasturi deb ataladigan viza lotereyasi AQSh aholi orasida millatlar xilma-xilligini boyitish uchun yo‘lga qo‘yilgan. Dastur orqali Qo‘shma Shtatlarga immigratsiya darajasi tarixan past bo‘lgan xalqlardan har yili 55 ming kishiga doimiy yashash imkoniyati taqdim etiladi.

Mavzuga oid