Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Xalqaro Sud yoki Guterrishga berilishi mumkin
Yoki Norvegiya Nobel qo‘mitasi 11 oktyabr kuni mukofotni hech kimga topshirmasligi ehtimoli ham bor.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochqinlar agentligi (UNRWA), Xalqaro Sud va BMT rahbari Antoniu Guterrish bu yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodlari qatorida. Bu haqda Reuters ekspert xulosalariga tayanib yozdi.
Agentlikning tan olishicha, Norvegiya Nobel qo‘mitasi 11 oktyabr kuni syurpriz qilib, bu yilgi mukofotni hech kimga topshirmasligi ham mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, global mojarolar bilan o‘tayotgan 2024 yilda qo‘mita tinch aholi hayotini osonlashtirishga yordam beradigan gumanitar tashkilotlarga e’tibor qaratgan.
«UNRWA ushbu nomzodlardan biri bo‘lishi mumkin. Ular G‘azodagi urushdan aziyat chekayotgan falastinlik tinch aholi uchun juda muhim ishlarni amalga oshirmoqda», dedi Oslo tinchlik tadqiqot instituti direktori Henrik Urdal.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS nomidan hujumda tashkilotning ba’zi xodimlari qatnashgan, degan ayblovlar hisobga olinsa, mukofotni UNRWA tashkilotiga topshirilishi munozarali bo‘ladi.
Norvegiya parlamenti tomonidan tayinlangan mukofotning maxfiy qo‘mitasi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartib va uning mahsuli - Birlashgan Millatlar Tashkilotini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lishi mumkin. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti tarixchisi Asle Sveyen so‘zlariga ko‘ra, shu sababli, mukofotni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish yoki Xalqaro Sudga topshirilishi ehtimoli bor.
«Guterrish BMTning asosiy ramzidir. Xalqaro sudning eng muhim mas’uliyati esa xalqaro gumanitar huquqning global qo‘llanilishini ta’minlashdir», dedi Sveyen.
Ammo qo‘mita mukofotni hech kim olmaydi, deb qaror qilishi ham mumkin, bu 19 bor sodir bo‘lgan, oxirgi marta 1972 yilda.
Nobel mukofotiga nomzodlar odatda sir saqlanadi, ammo nomzodlarni ilgari surganlar o‘z tanlovini oshkor qilishi mumkin. Bu yil mukofotga jami 286 nafar nomzod ko‘rsatilgan, ular orasida BMT Qochqinlar agentligi, Rim papasi Fransisk va britaniyalik tabiatshunos Devid Attenboro bor.
O‘tgan yili mukofot eronlik ayollar huquqlari faoli, qamoqdagi Nargis Muhammadiyga topshirilgan edi.
Mavzuga oid
13:38
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024