Jahon | 18:23 / 07.10.2024
12713
8 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti - bugungi kunda unga zarurat bormi?

7 oktyabrdan “Nobel haftaligi” boshlandi: fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga berildi. Ayni paytda mukofot va uning sovrindorlarini hal qiluvchilarga qaratilgan tanqidlar kuchaymoqda. Bunga sabab nima?

Foto: Getty Images

1901 yildan buyon topshirib kelinayotgan xalqaro Nobel mukofoti, shubhasiz, ilm-fan va taraqqiyotni targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mukofot kashfiyotlar aslida qanday va kimlar tomonidan amalga oshirilgani haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otmayapti? Sovrindorlar asosan G‘arbiy Yevropa yoki AQSh vakillari va ko‘pincha erkaklar ekani inobatga olinsa, g‘oliblarni tanlashda haddan tashqari tarafkashlik qilinmayaptimi, deyiladi DW maqolasida.

Alfred Nobelning ezgu g‘oyasi

Nobel mukofoti shved kimyogari, ixtirochi va tadbirkor, 350 dan ortiq xalqaro darajadagi patent egasi Alfred Nobelning vasiyati bilan ta’sis etilgan. U otasining sharofati bilan yaxshi ta’lim olgan. Alfredning otasi 1830 yillar oxirida Sankt-Peterburgda bir nechta eritish zavodlariga asos solgan, shuningdek, bug‘ mashinalari va minalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Alfred Nobel kimyo va fizikadan tashqari adabiyotga ham juda qiziqardi. Uning butun dunyo bo‘ylab olib borgan ilmiy tadqiqotlari va tadbirkorlik faoliyati, shuningdek, Rossiyadagi qarindoshlarining kompaniyalaridagi ulushi olimga ulkan boylik keltirdi.

Taxminlardan biriga ko‘ra, farzandsiz Nobelni o‘z millionlarini qanday tasarruf etish haqida o‘ylashga majbur qilgan voqea 1888 yilda yuz bergan: fransuz gazetalaridan birida “O‘lim savdogari vafot etdi” nomli nekrolog chop etilgan. O‘shanda Alfred Nobelning akasi Albert hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, jurnalistlar adashib Alfred Nobelning o‘limi haqida xabar tarqatishgan. Xabarda, asosan, tadbirkorning boyligi haqida so‘z yuritilgandi: uning bu qadar boyishiga sabab odamlarni avvalgidan tezroq va ko‘proq o‘ldirish usulini topganida, deyiladi nekrologda. Aynan shu paytda Alfred Nobel kelajak avlodlar xotirasida qanday iz qoldirish haqida o‘ylay boshlagan bo‘lishi mumkin.

Olim 1896 yilda 63 yoshida San-Remodagi villasida vafot etdi. Nobel o‘z vasiyatnomasida deyarli barcha aktivlari maxsus fondga o‘tkazilishi lozimligini aytgan. Bu fond har yili daromaddan olingan foizlarni teng qismlarga bo‘lishi, insoniyatga eng katta foyda keltirgan shaxslarga to‘rt ilmiy yo‘nalishda: fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot, shuningdek, tinchlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun mukofot sifatida muntazam topshirib borishi kerak edi.

Vasiyatnomasida tushuntirilishicha, tinchlik mukofoti xalqlarni birlashtirish, mavjud armiyani tugatish yoki qisqartirish bo‘yicha eng katta yutuqlarga erishgan yoki boshqalardan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shgan, shuningdek tinchlik anjumanlarini tashkil etgan yoki ularga e’tibor qaratgan shaxsga berilishi lozim. Ta’kidlash joizki, tinchlik mukofoti laureatini tanlash odatda ekspertlar va jamoatchilik orasida eng ko‘p savollarni keltirib chiqaradi.

Taxminan 1 million yevroga teng miqdordagi Nobel mukofoti Nobel jamg‘armasi tomonidan 1901 yildan beri har yili topshirib kelinadi.

2023 yildagi mukofotlar

Umuman olganda, o‘tgan yili tibbiyot sohasida COVID-19 ga qarshi samarali mRNK-vaksinalarni ishlab chiqish imkonini bergan kashfiyotlar e’tirof etildi. Fizika sohasidagi mukofot materiyadagi elektronlar harakatini o‘rganish uchun attosekundli yorug‘lik impulslarini hosil qiladigan tajribaviy usullar uchun berildi. Bu usullar tufayli elektron mikroskoplar yordamida yanada samaraliroq kuzatish usullarini yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Kimyo sohasida mukofot kvant kompyuterlarini yaratishda qo‘llash mumkin bo‘lgan kvant nuqtalarini kashf etgan va sintez qilgan olimlarga topshirildi.

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti norvegiyalik dramaturg Yuna Fossega “so‘zlab bo‘lmaydigan narsani ifoda etuvchi” pesalari va nasriy asarlari uchun berildi. Eronlik inson huquqlari faoli Nargiz Muhammadiy ayollar zulmiga qarshi kurashi, shuningdek, barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilgani uchun tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.

2022 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiya, Belarus va Ukrainadan huquq himoyachilari: “Memorial” inson huquqlari jamiyati, Ukrainaning Fuqarolik erkinliklari markazi jamoat tashkiloti hamda Belarusning “Vesna” inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga nasib etgandi. 2021 yilda esa ushbu mukofotga Dmitriy Muratov va Mariya Resse sazovor bo‘lgan.

Nobel mukofoti “yolg‘on tasavvurlar” uchun tanqid qilinmoqda

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mutaxassislar, jurnalistlar va oddiy fuqarolar nomzodlarni tanlash va umuman mukofotlarning foydasi haqida tobora ko‘proq bahslashmoqda. Xususan, tanqidchilarning ta’kidlashicha, ba’zan kashfiyotlar qanday amalga oshirilishi va bunga qancha mehnat sarflanishi haqida noto‘g‘ri, haddan tashqari soddalashtirilgan tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

Nomzod va mukofotga sazovor bo‘lgan olimlarning daholigiga shubha qilmagan holda, hatto eng buyuk iste’dod egalari ham ilm-fanni yakka o‘zi rivojlantira olmasligi ta’kidlanadi. Ilmiy taraqqiyot butun dunyo bo‘ylab yuzlab tadqiqotchilarning hamkorligini talab qiladi, chunki fan ko‘p tarmoqli va xilma-xil bo‘lib, turli sohalarni o‘z ichiga oladi.

Aynan shuning uchun Nobel mukofotlari olimlar guruhlari o‘rtasida tez-tez taqsimlana boshladi. Har bir sovrindor ortida jarayonning yuzlab boshqa ishtirokchilari: olimlar, assistentlar, texnik xodimlar bor, ularsiz jarayonning o‘zi ham, uning natijasi ham bo‘lmas edi. Bu odamlarning aksariyati keng jamoatchilikka ma’lum emas, shu sababli ayrim olimlarning xizmatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish tendensiyasi mavjud.

Bundan tashqari, tanqidchilar laureatlarni tanlash qiyinligi haqida gapirmoqda. Zamonaviy, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, doimiy ravishda ko‘plab yirik va muhim kashfiyotlar amalga oshirilayotgan dunyoda qanday qilib bitta odamni tanlash mumkin?

G‘oliblarning aksariyati — g‘arblik erkaklar

Mukofot boshqa sabablar uchun ham tanqidga uchramoqda. G‘oliblarning aksariyati G‘arb ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat. Nobel mukofotini eng ko‘p AQSh vakillari qo‘lga kiritgan. Keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya va Germaniya turadi. Fransiya va Shvetsiya yetakchi beshlikni yakunlaydi. Tanqidchilarning fikricha, Nobel mukofotlarining davomiy topshirilishi tengsizlikni kuchaytirishi mumkin, chunki g‘oliblarning katta pul bilan taqdirlanishi va e’tirof etilishi e’tibordan chetda qolgan, ammo xuddi shunday muhim va raqobatbardosh ish bilan shug‘ullanayotgan olimlarni qo‘llab-quvvatlashni kamaytiradi.

Gender masalasi ham dolzarb. Ko‘pgina tanqidchilar laureatlar orasida ayollar juda kamligiga e’tibor qaratadi. Nobel mukofoti ta’sis etilganidan beri 64 nafar ayol mukofotga sazovor bo‘lgan, bu barcha laureatlarning yetti foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi.

Mavzuga oid