Jahon | 21:27 / 09.10.2024
8244
2 daqiqa o‘qiladi

Litva Rossiya bilan chegaraga «ajdar tishlari»ni o‘rnatdi

Litva hukumati Neman daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikka «ajdar tishlari»ni o‘rnatdi va ushbu hududdagi ko‘priklarni yopib, minalashtirishni rejalashtirmoqda.

Foto: Laurynas Kasčiūnas / Facebook

Litva hukumati Rossiya bilan chegarada joylashgan Neman daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikka «ajdar tishlari»ni o‘rnatdi va ushbu hududdagi ko‘priklarni yopib, minalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Laurinas Kaschyunas ma’lum qildi.

«Neman orqali Kaliningrad viloyatiga olib boruvchi yana bir ko‘prikni to‘sib qo‘ydik. «Ajdar tishlari» temir to‘sinlar bilan to‘ldirilib, mustahkamlanadi. Litva armiyasi hozirda ularning bostirib kelayotgan og‘ir texnikalarni tutib qolish imkoniyatini sinovdan o‘tkazmoqda. Fortifikatsiya reja bo‘yicha davom etyapti», — deb yozadi vazir o‘zining Facebookʼdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘priklarning bir qismi tanklarga qarshi «tipratikanlar» va «ajdar tishlari» bilan himoyalanadi, qolgan ko‘priklarga esa minalar o‘rnatiladi.

Sentyabr boshlarida Litva Rossiya bilan chegaradagi ko‘prik mudofaasini mustahkamlayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Avgustda esa Litva—Rossiya anklavi va Belarus bilan chegaralardagi yangi hududlarga mudofaa to‘siqlari o‘rnatilgan edi.

Avvalroq Litva oktyabr boshigacha milliy evakuatsiya rejasini ishlab chiqishni yakunlashi aytilgandi. Mamlakat IIV rahbari Agne Bilotaytening aytishicha, hozirda har bir o‘zini o‘zi boshqarish organlari evakuatsiya dasturiga ega, biroq mamlakat uchun milliy miqyosdagi loyiha zarur.

Mavzuga oid