Jahon | 15:10 / 14.10.2024
2371
2 daqiqa o‘qiladi

Bild: Usmonov ARD jurnalisti ustidan prokuraturaga ariza berdi

Milliarder Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, nemis televideniyesi jurnalisti Xayo Zeppeltni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qildi. 

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg via Getty Images

8 oktyabr kuni milliarder Alisher Usmonov Germaniyaning ARD telekanali jurnalisti Xans-Yoaxim (Xayo) Zeppeltni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilib, Kyoln prokuraturasiga ariza topshirdi. Bu haqda 11 oktyabr, juma kuni Bild nashri Usmonovning advokati Yoaxim Shtaynxyofelga asoslanib xabar berdi.

Milliarderning noroziligiga 4 avgust kuni ARD telekanalida Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida qilichbozlik bo‘yicha berilgan reportaj sabab bo‘lgan. Unda Zeppelt «kerakli» sportchilarning g‘alabalarini ta’minlash uchun Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE)ning «hakamlarini sotib olish tizimi» yaratilganini bildirgan.

Zeppeltning surishtiruvi iste’fodagi FIE hakamining so‘zlari va Olimpiadaning 1/8 finalida gurjistonlik qilichboz Sandro Bazadzening misrlik Muhammad Amerga yutqazganiga asoslangan edi. Shundan so‘ng sportchi hakamlik adolatsiz bo‘lganini aytdi. Keyinchalik uning otasi, Gurjiston qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Merab Bazadze buni Sandroning ruhiy tushkunligi bilan izohladi va kechirim so‘radi. Zeppelt bilan suhbatlashgan sudya FIE unga 2023 yilgi saralashdan o‘ta olmagani va hakamlar hay’atidan chetlashtirilganini ma’lum qilganini aytdi.

Shtaynxyofel Zeppeltning reportajlari «asosiy jurnalistika standartlarini buzgani» va bu «jurnalistika emas, balki sharmandalik» ekanligini ma’lum qildi. Oktyabr oyida Hamburg sudi Usmonovning da’vosiga ko‘ra, milliarderga qarshi ayblovlar bo‘lgan ARD reportajini tarqatishni taqiqlab, material «shubhaga asoslangan» va «shaxsiy daxlsizlik huquqini buzadi» degan qarorga keldi. Shundan so‘ng nemis telekanali reportajni o‘chirib tashladi.

Alisher Usmonov 2008 yildan 2022 yilgacha FIE prezidenti lavozimini egallagan.

Mavzuga oid