O‘zbekiston | 19:12 / 14.10.2024
16241
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ochlik darajasi eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi

Respublikada oziq-ovqat bilan bog‘liq katta muammolar yo‘qligi tan olindi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Global ochlik indeksining (Glodal Hunger Index) yangilangan reytingida O‘zbekiston birinchi o‘rinda qayd etilgan 22 davlat orasidan joy egalladi. Shu tariqa, mutaxassislar bu respublikada oziq-ovqat bilan bog‘liq katta muammolar yo‘qligini tan oldi.

Qayd etilishicha, yakuniy ball qancha past bo‘lsa, mamlakatda to‘yib ovqatlanmaydigan fuqarolar shunchalik kam hisoblanadi. Tadqiqot to‘rtta mezonga, jumladan, kam ovqatlanish, bolalar bo‘yining o‘sishi, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi va ochlikdan sillasi quriganlar haqidagi ko‘rsatkichlarga asoslanadi.

Reytingning yetakchilari besh balldan kam to‘plagan davlatlar bo‘ldi. Shunday qilib, O‘zbekistonda umumiy aholining 2,5 foizdan kamrog‘i to‘yib ovqatlanmaydi. Shuningdek, bolalarning 6,5 foizida o‘sish sekinlashgan, 2,4 foizida esa sillasi qurish alomatlari kuzatilgan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 3,1 foizdan oshmaydi.

Ochlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan mamlakatlar orasida sobiq itttifoqning boshqa vakillari ham bor: Litva, Latviya, Estoniya, Belarus, Gurjiston va Rossiya.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha: Qozog‘iston 25-o‘rin, Qirg‘iziston 36-o‘rin, Turkmaniston 50-o‘rin, Tojikiston 65-o‘rin. Biroq, bu mamlakatlarning deyarli barchasi ochlik darajasi «past» bo‘lgan ishtirokchilar ro‘yxatida, faqat Tojikiston «mo‘’tadil» toifada.

Afg‘oniston 127 ishtirokchi orasida 116-o‘rinni egalladi. Bu shuni anglatadiki, mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq salbiy vaziyat mavjud: to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni umumiy aholining 30,4 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 44,6 foizining o‘sishi zaif, 3,6 foizi esa sillasi qurigan. Bolalarning 5,8 foizi esa besh yoshgacha yashamaydi.

Afg‘onistondan tashqari, «jiddiy» ochlik muammolari bor mamlakatlar toifasiga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shimoliy Koreya va Suriya ham kiritilgan.

Indeksning eng quyi qismida vaziyat «tashvishli» deb hisoblangan mamlakatlar joylashgan. Bu yerda Afrika vakillari - Chad, Janubiy Sudan, Somali, Madagaskar, shuningdek, Osiyodan Yaman joy olgan.

Mavzuga oid