O‘zbekiston | 18:15 / 14.10.2024
11423
3 daqiqa o‘qiladi

Uy sotib olishga bo‘lgan qiziqish pasayishda davom etyapti

Sentyabr oyida ham O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik pasaydi. Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, faollikning kamayishi Toshkent (25,7 foiz), Buxoro (24,3 foiz) va Namangan viloyatlarida (18,7 foiz) nisbatan sezilarli bo‘lgan. Har bir kvadrat metr uchun eng arzon uy Qoraqalpog‘istonda (327 dollar), eng qimmati esa Toshkent shahrida (1117 dollar) qayd etildi.

Foto: Kun.uz

Sentyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik pasaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Markaz tahliliga ko‘ra, sentabr oyida 21,2 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olingan, bu avgust oyiga nisbatan 4,2 foizga kam.

Yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli pasayib, o‘tgan yilning sentabr oyi bilan solishtirganda shartnomalar soni 9 foizga kamaygan.

Hududiy dinamika

2024 yil sentabr oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta pasayishi Jizzax (20 foiz), Samarqand (14 foiz) va Toshkent viloyatlarida (13 foiz) qayd etildi.

Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik Toshkent (25,7 foiz), Buxoro (24,3 foiz) va Namangan viloyatlarida (18,7 foiz) nisbatan sezilarli bo‘lgan.

Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari

2024 yilning sentabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1 foizga o‘sish). Yil davomida esa 1 kv metr uchun o‘rtacha uy-joy narxi 6,7 foizga oshgan.

Hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlari Xorazm (19,5 foiz), Buxoro (12,5 foiz) va Samarqand (10 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada ko‘tarilgan. Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘sishi o‘rtacha 1,8 foizni tashkil etgan.

Uy-joy ijara bozori

Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etgan. Narxlar avgust oyiga nisbatan o‘zgarmagan — 1 kv metr uchun 8,3 dollar.

Poytaxtning 14 ta markaziy tumanidan uchtasida uy-joy ijarasi narxi pasaygan. Ijara narxi Olmazorda — 14,6 foiz, Uchtepada — 7,4 foiz, Bektemir tumanida — 3,8 foizga arzonlashgan. Shuningdek, narxlarning eng katta o‘sishi Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, o‘rtacha 7 foizga oshgan.

Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, 10 dollar atrofida shakllangan.

Bektemir va Sergeli tumanlarida narxlar nisbatan arzon bo‘lib, kv.m uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etgan.

O‘tgan yilning sentabr oyi bilan taqqoslanganda, Toshkent shahrida ijara narxlari o‘rtacha 8,4 foizga qimmatlagan. Bu esa bozorning ushbu segmentida umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qolinayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yashnobod (16,2 foiz), Olmazor (12,2 foiz) va Yakkasaroy (11 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Mavzuga oid