Jahon | 17:18 / 17.10.2024
1483
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya hukumati ortiqcha vaznli ishsizlarga ozdiruvchi ukol taklif qilmoqchi

Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi semizlik tashxisi qo‘yilgan ishsizlarga vazn kamaytiruvchi ukol taklif qilish rejalarini e’lon qildi. Shu tariqa ularga ishga qaytishga yordam beriladi va pirovardida mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi tezlashtiriladi.

Foto: AP

Gap organizmdagi yog‘ni erituvchi dori ishlab chiqaradigan dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri Lilly’ning 280 million funt sterling miqdoridagi sarmoyasi haqida bormoqda. Kompaniya ta’kidlashicha, dastur o‘z mahsulotlarining klinik bo‘lmagan ta’sirlari: mehnat bozoriga, iqtisodiyot unumdorligiga va sog‘liqni saqlash tizimiga ta’sirini aniqlashga imkon beradi.

O‘z navbatida sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting dorilarning yangi toifasi semizlik muammosiga jiddiy zarba berishi va Britaniyani mehnatga undashiga ishonmoqda.

Biz, mamlakat sifatida, ko‘p ovqatlanyapmiz, sog‘lom ovqatlarni kam iste’mol qilyapmiz va jismoniy faoliyat bilan ham kam shug‘ullanyapmiz. Buning oqibatlari aniq — kam sog‘lik va qisqa umr”, — dedi vazir Daily Telegraph’ga yozgan maqolasida aholi salomatligining tashvishli holatini tasvirlab.

Kengayib borayotgan bellar sog‘liqni saqlash tizimimizga ham og‘ir yuk bo‘lmoqda, bu yiliga 11 milliard funt sterling zarar keltiradi — hatto chekishdan ham ko‘proq. Oqibatda, iqtisodiyotimiz oqsab bormoqda. Semizlik bilan bog‘liq kasalliklar odamlarni yiliga o‘rtacha to‘rt kun qo‘shimcha kasallik varaqasini olishga majbur qilmoqda, ko‘pchilik umuman ishlolmay qoldi”, — deydi Ues Striting.

Muammo ko‘lami katta

Buyuk Britaniya hukumati vakilining aytishicha, semizlik saraton kasalligining oldini olsa bo‘ladigan ikkinchi eng katta sababi. Shuningdek, u odamlarning to‘laqonli ishlashiga to‘sqinlik qiladigan salomatlik muammolariga olib keluvchi asosiy omillardan biri sanaladi.

Hukumatning yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorligi semizlik muammosidan aziyat chekayotgan odamlar uchun uzoq muddatli natijalarni yaxshilaydigan yangi texnologik yutuqlar davrini boshlab beradi, degan umidlar mavjud.

Millatimiz salomatligi oldida turgan barcha muammolarga qaramay, qo‘limizda ikkita katta ustunlik bor: dunyodagi yetakchi ilmiy bilimlarga ega olimlarimiz va ulkan salohiyatli Milliy sog‘liqni saqlash xizmatimiz. Agar bu ikki omilni birlashtirsak, mamlakatimizdagi bemorlar ko‘z o‘ngimizda rivojlanayotgan tibbiyotdagi inqilobdan foydalanishi mumkin”, — deydi hukumat vakili.

Bozorda vazn yo‘qotish uchun eng samarali ineksiya deb ataladigan Mounjaro (Ozemic analogi) dori vositasining muvaffaqiyatli sinovlari semizlarni ishga qaytarish bo‘yicha Striting rejasi uchun muhim ahamiyatga ega. Dastlabki sinovlar o‘tkaziladigan joy sifatida Katta Manchester tanlandi.

Raqamlarga ko‘ra, semizlik hozirda mamlakat iqtisodiyotiga yiliga 3,2 milliard funt sterlingga tushadi, zararning qariyb yarmi mehnat unumdorligi pasayishidan kelib chiqmoqda.

Mavzuga oid