Mbappe jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda
Futbolchining o‘zi bu ish ortida o‘zi bilan sudlashayotgan sobiq klubi turganini aytmoqda. Jurnalistlardan biri unda alkogol bilan bog‘liq muammo ham borligini aytgan. Bu haqda hozirgacha nimalar ma’lum?
Shvetsiya politsiyasi Stokholm markazidagi mehmonxonada zo‘ravonlik ro‘y bergani haqidagi shikoyatni tekshirmoqda. Mahalliy mediaga ko‘ra, gumonlanuvchi — «Real»ning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappedir.
Quyida ushbu hodisa haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar keltiriladi.
U bu joyga qanday qilib borib qolgandi?
Hujumchi sentabr oyida son sohasidagi mushaklarini jarohatlab olgandi. 5 oktyabr kuni Kilian «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibida maydonga tushdi, ammo Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham uni FIFA kunlaridagi tanaffus vaqtida jamoaga chaqirmadi — «Real» jarohatidan to‘liq tuzalishi uchun Mbappega dam berishni so‘ragan. Bundan tashqari, Kilianning o‘zi jamoa usiz ham uddalaydigan o‘yinlarda kuch yo‘qotmaslikni istayotgani haqida mish-mishlar chiqqan.
11 oktyabr kuni Sportbladet nashri Fransiya milliy jamoasi o‘yini vaqtida futbolchini Stokholmdagi tungi klublardan birida ko‘rishgani haqida yozdi. U bu yerga sheriklari bilan taksida kelgan, VIP-kirish orqali yurgan va o‘zini sezdirmaslikka (shapka, niqob) harakat qilgan.
Keyin RMC Sport ayrim tafsilotlarni ochiqladi: Mbappe tungi klubga borishdan oldin mahalliy restoranlardan birida bo‘lgan. Xabar qilishlaricha, mashg‘ulotlar qayta boshlanishidan oldin bir necha kunlik ta’til olgani tufayli «Real» unga Shvetsiyaga borishga ruxsat bergan. Kilianga bo‘lajak o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishi uchun individual dastur ham yuborishgan.
Fransuz futbolchisi darhol qarindoshlari va «PSJ»dagi jamoadoshi, hozirda ijara asosida «Bayyer»da to‘s surayotgan Nordi Mukiyele bilan birgalikda Stokholmga uchadi. Expressen gazetasi yozishicha, Mbappe Shvetsiya poytaxtiga xususiy samolyotda 9 oktyabr kuni borgan va tungi klubga kirgan. Keyingi kuni u yana o‘sha yerda bo‘ladi va 11 oktyabr kuni Korsikaga qaytadi.
«Asosli gumonlanuvchi»
Ehtimoliy jinoyat 10 oktyabr kuni — Fransiyaning Millatlar ligasi doirasida Isroilga qarshi o‘yini kunida sodir etilgan. Politsiyaga ikki kun o‘tib murojaat qilgan va Mbappe tergovga tortilgan. Aftonbladet nashriga ko‘ra, tergovchilar Stokholmda futbolchi do‘stlari bilan tunagan mehmonxonaga borishgan — jinsiy zo‘rlash aynan shu yerda sodir etilgan.
Shvetsiya prokuraturasi yulduzli futbolchining nomini tilga olmagan, ammo mahalliy TV4 telekanali xabar berishicha, tergov harakatlari aynan unga nisbatan olib borilmoqda: jabrlanuvchi Kilian tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytgan. U shifoxonaning maxsus bo‘limiga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hozirda futbolchi «asosli gumonlanuvchi» sifatida belgilangan. Bu mahalliy politsiyada gumonlanuvchilarning eng past darajasi. Ammo istalgan pallada bu yomon tomonga o‘zgarishi mumkin.
Kilian bu xabarlarni feyk deb atadi va «PSJ» nayrangiga ishora qildi
Mbappening o‘zi zo‘rlashda gumonlanayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga darhol reaksiya qildi va bu xabarlar sobiq klubi tomonidan tarqatilayotganiga ishora qildi.
«Feyk yangiliklar. Buni oldindan aytish mumkin edi. [Bu haqda klub bilan shartnoma bo‘yicha] sud majlisidan bir kun oldin yoza boshlashdi — xuddi tasodifdek, shunday emasmi?» — deya yozgan u ijtimoiy tarmoqda.
Futbolchi bu bilan o‘zi va «PSJ» o‘rtasida 55 million yevro miqdoridagi qarzdorlik (bonuslar va to‘lanmagan maosh) bo‘yicha sud ishini nazarda tutgan, hujumchi sobiq klubi uch oylik maoshini bermaganini aytgan; sentabrda Fransiya ligasi klubga qarzni to‘lash majburiyatini yuklagandi, shundan keyin «PSJ» apellyatsiya bergandi. Bu bo‘yicha navbatdagi eshituv 15 oktyabrga belgilangandi.
Futbolchining advokati Mari Alis Kanyu-Bernar AFP bilan suhbatda Mbappe tuhmat yuzasidan shikoyat qilishini aytgan.
Mahalliy nashrlar Mbappening so‘zlarini kinoya bilan kutib olgan. Parijdagi L'Équipe gazetasi o‘z materiallaridan birida «PSJ»ning sobiq futbolchisiga shunday masxara qilgan: «Mbappe uchun barchasiga «PSJ» aybdor. «Real» safida faqat penaltidan gol uryaptimi? Aybdor «PSJ». Fransiya milliy jamoasiga chaqirilmadimi? Aybdor «PSJ». Shvetsiyada qo‘lga tushdimi? Aybdor «PSJ».
Nashrning klubdagi manbasi «PSJ» rahbariyati bundan qattiq ajablanganini bildirgan: «To‘g‘risi, bu sharmandalik. Biz Kilian so‘zlarini e’tiborsiz qoldiramiz va yuzimizni saqlab qolamiz».
Manbaning aytishicha, klubdagilar Kilian reaksiyasidan hayratda qolishgan. Va u nega zo‘ravonlik bo‘yicha yolg‘on ayblov ortida «PSJ» turganiga bunchalik ishonchi komil ekanini tushunishmayapti. Klubdagilar sud shusiz ham ular tomonida ekaniga amin.
«Real»dagilar qanday reaksiya qilishdi?
15 oktyabr kuni RMS Sport ispan klubidagilar hodisadan tashvishda emasligi va ma’lumotni yolg‘on deb hisoblayotganini xabar qildi. «Real» vakillari fikricha, bu mish-mishlar 25 yoshli fransuzning obro‘siga zarar yetkazish uchun tarqatilmoqda.
Ammo shundan keyin g‘alati holat kuzatildi: qaymoqranglilar klubi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Artist Pack kolleksiyalari reklamasi aks etgan fotosuratni joylashtirdi. Unda esa Kilian tushirib qoldirilgan. Shu bilan birga, Jud Bellinghem o‘z akkauntida joylashtirgan xuddi shu suratda Mbappe borligini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, bu Kilian Nike bilan shartnoma tuzganiga bog‘liq bo‘lishi ham mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Keyinroq klub bu mojaro yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgani xabar qilindi. Hozircha futbolchi jamoaning yaqin vaqtlar ichidagi o‘yinlarida qatnashishi noma’lum. «Real» hozirga qadar bu masala yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo‘q.
Alkogol bilan ham muammo bormi?
Shu kunlarda jurnalist Romen Molina olovga moy sepdi. U shov-shuvli insayd bilan chiqish qildi — uning aytishicha, Mbappe klublar va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga tez-tez tashrif buyuradi, natijada unda ruhiyat va alkogol bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.
Kilianning o‘zi hozircha bu ma’lumotga hech qanday munosabat bildirmadi.
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024