Jamiyat | 15:59 / 17.10.2024
29924
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi YTHda vafot etgan o‘zbekistonliklarning 2 nafari bolalar bo‘lgan

Tashqi ishlar vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 16 oktyabr kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastidagi YTHda halok bo‘lgan 6 nafar O‘zbekiston fuqarolarining 2 nafari voyaga yetmagan bolalar. Bundan tashqari YTHda jabrlanib shifoxonaga tushgan 4 kishidan 2 nafari ham bolalar. Ular Rossiyadan O‘zbekistonga 10 kishilik minivenda qaytayotgan bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

16 oktyabr kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida sodir bo‘lgan ayanchli YTH oqibatida O‘zbekistonning olti nafar fuqarosi halok bo‘lgani xabar berilgandi. Jac rusumli miniven chegaradagi o‘tish joyida, yo‘l chetida to‘xtab turgan MAN yuk mashinasiga kelib urilgan YTHda, shuningdek, yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik shifoxonaga yotqizilgan edi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, YTHda halok bo‘lganlarning 2 nafari hamda shifoxonaga tushgan jabrlanuvchilarning 2 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Hozirgi kunda 6 ta mayitning qarindoshlari bilan aloqaga chiqilgan, ular Qozog‘istonga kelyapti. Jasadlarni shaxsiga aniqlik kiritish protseduralari yakuniga yetmoqda, ular 1-2 kun ichida O‘zbekistonga qaytariladi. Vafot etganlar barchasi Xorazm viloyatidan, shuningdek, ularning 2 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Ayni vaqtda kasalxonada bo‘lib turgan 4 nafar O‘zbekiston fuqarosining (2 nafari bolalar) ahvoli yaxshi, ularga barcha yordamlar ko‘rsatilyapti. Ular sog‘ayishi bilan O‘zbekistonga qaytariladi. O‘zbekistonning Aqtou shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratiga olgan hamda mahalliy hokimiyat vakillari, jabrlanuvchilarning oila a’zolari bilan aloqada bo‘lib turibdi”, — deyiladi TIV taqdim qilgan ma’lumotda.

Mavzuga oid