Jahon | 21:07 / 21.10.2024
2949
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova fuqarolari Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni yoqlab ovoz berdi

Referendumda yevrointegratsiya tarafdorlari kichik ustunlik bilan g‘alaba qozondi.

Foto: AFP/Getty Images

Moldova fuqarolari mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini yoqlab ovoz berdi. Prezident saylovida ovoz berish bilan bir vaqtda o‘tkazilgan referendum natijalari shundan dalolat beradi, deb xabar berdi Moldova Libera.

Biroq, Moldovada Yevropa integratsiyasi tarafdorlarining ustunligi minimal bo‘lib chiqdi: bayonnomalarning 99,5 foizini qayta ishlashga ko‘ra, saylovchilarning 50,42 foizi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagan, 49,58 foizi esa qarshi ovoz bergan.

Mamlakat prezidenti Mayya Sandu allaqachon referendum natijalariga izoh berdi va Rossiyani unga noqonuniy aralashganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «adolatsiz kurash»ga qaramay, Moldovada yevropaparast kampaniya g‘alaba qozondi:

«Bizda bu jinoiy guruhlar 300 ming ovoz sotib olish uchun chiqqani haqida aniq dalillar bor», dedi u.

Sanduning o‘zi prezidentlik saylovi birinchi turida rossiyaparast nomzod Aleksandr Stoyanoglo ustidan ancha ishonchli g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlarining 99,41 foizini sanab chiqishga ko‘ra, amaldagi prezident 42,31 foiz, uning raqibi esa 26,07 foiz ovoz olgan. Shu tariqa, Moldovada davlat rahbarini saylash uchun ovoz berishning ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid