Jahon | 12:50 / 28.10.2024
1176
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariya parlamentiga saylovlarda FBeT - DKI bloki yetakchilik qilyapti

Ekzitpollar natijalariga ko‘ra, FBeT va Demokratik kuchlar ittifoqi partiyalari koalitsiyasi birinchi o‘rinni egalladi. Bolgariyaning yangi parlamentiga jami yetti partiya kirmoqda.

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Bolgariyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida «Fuqarolar Bolgariyaning Yevropa taraqqiyoti uchun» partiyasi va Demokratik kuchlar ittifoqi (FBeT – DKI)ning g‘arbparast o‘ng markazchi koalitsiyasi yana yetakchilik qilmoqda. 27 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun saylov uchastkalari yopilganidan keyin e’lon qilingan ekzitpollar ma’lumotlari shundan dalolat beradi.

Natijalari BTV telekanalida taqdim etilgan saylovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, sobiq bosh vazir Boyko Borisov partiyalari blokiga saylovchilarning 26,4 foizdan 26,6 foizigacha ovoz bergan. Ikkinchi o‘rinni g‘arbparast liberal-konservativ «O‘zgarishlarni davom ettiramiz» partiyalari alyansi va «Demokratik Bolgariya» koalitsiyasi (O‘DE — DB) egallab, 14,9 foiz ovoz to‘pladi. Uchinchi o‘rinda rossiyaparast va millatchi yevroskeptik kayfiyatdagi «Uyg‘onish» partiyasi joylashgan bo‘lib, uni 12,9 foizdan 13,3 foizgacha saylovchilar qo‘llab-quvvatlagan.

Jami yettita siyosiy uyushma yangi Milliy majlisga qo‘shilmoqda. Yana ikkita birlashma saylovlardagi to‘siqni yengish uchun kurashmoqda.

Mavzuga oid