O‘zbekiston | 16:33 / 01.11.2024
4732
2 daqiqa o‘qiladi

«Yer qa’ri to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi

Qonunga ko‘ra, yer qa’ri va yer qa’rida tabiiy yo‘l bilan joylashgan barcha foydali qazilmalar O‘zbekistonning davlat mulki bo‘lib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Qonun yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Yer qa’ri va yer qa’rida tabiiy yo‘l bilan joylashgan barcha foydali qazilmalar O‘zbekistonning davlat mulki bo‘lib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Ushbu mulk huquqi har qanday shaxsning yerga va suvga bo‘lgan biror-bir huquqiga yoki mulkchiligiga qaramay qo‘llaniladi.

Davlat yer qa’rini qonunda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va chegaralarda foydalanishga beradi.

Yer qa’ri uchastkalari oldi-sotdi, hadya, meros qilib qoldirish, omonat, garov predmeti bo‘lishi yoki har qanday boshqacha shaklda o‘zga shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas.

Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:

- Vazirlar Mahkamasi;

- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;

- Energetika vazirligi;

- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi;

- Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi;

- «Yer qa’ridan foydalanish markazi» davlat muassasasi;

- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid