O‘zbekiston | 20:17 / 05.11.2024
3345
2 daqiqa o‘qiladi

Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi

Shuningdek, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ham javobgarlik belgilandi.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, ma’rifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va ma’naviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy faoliyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.

Ma’rifiy faoliyat vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahallalar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ma’rifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirish yoxud ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Avvalroq, ma’rifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid