O‘zbekiston | 21:04 / 07.11.2024
3843
6 daqiqa o‘qiladi

7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Trampga tabrik xati, Toshkent havosini buzayotgan issiqxonalar, uyda saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati, propanning boshlang‘ich birja narxiga cheklov — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mirziyoyev Trampni tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Donald Trampga AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

«Saylovlardagi ishonchli g‘alabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQShning xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi», — deyiladi tabrik xatida.

Prezident tabrigida shuningdek, uzoq muddatli va keng qamrovli O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida AQSh prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi taklif etilgan.

Toshkent havosini buzayotgan issiqxonalar

Poytaxt atrofidagi issiqxonalarning yarmidan ko‘pi ko‘mir, ba’zan rezina shinalar va boshqa yonuvchi vositalardan foydalanayotgani ma’lum qilindi. Ekopartiya Ekovazirlik va Bosh prokuraturadan muammoga tezkor choralar ko‘rishni so‘radi

Ekopartiya ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri atrofida 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yurityapti. Ularning 60 foizi ko‘mirdan, ba’zan esa rezina shinalardan foydalanyapti. Shahar havosining yomonlashuvida issiqxonalarning ta’siri ko‘p.

Shuningdek, partiya havoning ifloslanishiga ko‘p sanoat korxonalarida uskunalarning ma’nan eskirgani va aksariyat korxonalar zamonaviy filtrlar o‘rnatmayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.

3 noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgan edi. Ifloslanishning asosiy sababi PM2,5 zarrachasi bo‘lib, u JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘lgani ma’lum qilingandi.

Saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati

Hukumat qarori bilan fuqarolar saqlashi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlandi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:

  • jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash;
  • davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish.
  • Ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘larida va (yoki) pitomniklarda saqlanishi mumkin.

Propanning boshlang‘ich birja narxiga cheklov

Raqobat qo‘mitasi birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foizlik spred (cheklov) o‘rnatdi. Ushbu yoqilg‘i narxi oxirgi 5 oy ichida qariyb 2 barobargacha qimmatlashib ketgan edi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Respublika tovar-xomashyo birjasida propan narxining yuqori chegarasini belgiladi.

Ushbu qaror narxlarga sezilarli ta’sir qila boshlagan. Xususan, 6 noyabr kungi savdolarda propanning o‘rtacha narxi tonnasiga 1,2 mln so‘mdan ko‘proqqa pasayib, 8,9 mln so‘mgacha arzonlashgan.

Avvalroq, 5 iyundan 5 noyabrgacha bo‘lgan davrda birja savdolarida propanning 1 tonnasi 5,3 mln so‘mdan 10,2 mln so‘mgacha yoki 91,4 foizga oshgani xabar qilinayotgan edi.

Oliygohlar Osiyo universitetlari reytingida

O‘zbekistonning 23 ta oliygohi Osiyo universitetlari reytingiga kirdi. Biroq ulardan hech biri yuqori yuztalikdan joy olmadi. O‘zbekistonning eng yaxshi oliygohi Osiyoda 159-o‘rinda, Markaziy Osiyoda 7-o‘rinda qayd etildi.

Reytingga Osiyo qit’asining 25 ta mamlakatidagi 985 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan.

Eng yaxshi oliy ta’lim dargohi sifatida Xitoyning Pekin universiteti qayd etildi. Ushbu oliygoh 100 ball to‘pladi. Yuqori beshlikdan Hongkong universiteti, Singapur milliy universiteti, Nanyang texnologiya universiteti va Fudan universiteti joy oldi.

Reytingga O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim dargohi kiritildi, ammo ulardan hech biri yuqori yuztalikdan joy olmadi. Eng yuqori o‘rinda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qayd etilgan. Oliygoh reytingda 44,9 ball bilan Osiyoda 159-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 7-o‘rinni egalladi.

Umuman olganda, 23 ta oliygohdan faqat to‘rttasi reyting ballarini to‘plashga erishgan, xolos. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti 34,5 ball bilan 242-o‘rinda, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 25,7 ball bilan 359-o‘rinda, Toshkent davlat texnika universiteti 25,5 ball bilan 368-o‘rinda qayd etilgan.

Reytingda Qozog‘istonning 35 ta oliygohi qayd etildi. Shuningdek, Qirg‘izistonning 6 ta oliygohi, Tojikistonning bitta oliygohi kiritildi. Turkmanistonning birorta oliygohi reytingdan joy olmadi.

Mavzuga oid