Fan-texnika | 10:57 / 07.11.2024
12377
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda dunyodagi eng tezkor politsiya mashinasi taqdim etildi

Maxsus ishlab chiqilgan Tesla Model S Plaid 2 soniyadan ham kamroq vaqt ichida 0 dan 100 km/soatgacha tezlikka chiqa oladi.

Foto: Unplugged Performance

AQShning Unplugged Performance kompaniyasi Amerika politsiyasi uchun maxsus ishlab chiqilgan Tesla Model S Plaid elektromobilining takomillashtirilgan versiyasini namoyish etdi. Kompaniya ta’kidlashicha, yangi mahsulot dunyodagi eng tezkor politsiya mashinasi hisoblanadi.

Texnik jihatdan Model S Plaid fuqarolik modelidan deyarli farq qilmaydi. Faqat tegishli rang va eshiklardagi yozuvlar uni ajratib turadi. Eshiklar ostiga va old oyna ichkarisiga svetodiodli miltillovchi chiziqlar o‘rnatilgan. Bort kompyuteriga ratsiya va politsiya uchun zarur bo‘lgan boshqa funksiyalar qo‘shilgan. Tashqi dinamik yanada balandroq qilingan, uni ovoz kuchaytirgich sifatida ishlatish mumkin.

Tesla Model S Plaid 1020 ot kuchiga ega bo‘lib, 2 soniyadan ham kamroq vaqt ichida 0 dan 100 km tezlikka chiqa oladi. Elektromobilning maksimal tezligi soatiga 322 kilometrni, yurish masofasi esa 628 kilometrni tashkil etadi. Ushbu superkardan jinoyatchilarni quvib yetish va huquq-tartibot xodimlarini jinoyat sodir etilgan joyga tezkor yetkazish uchun foydalanish mumkin.

AQSh politsiyasi anchadan buyon Tesla avtomobillarini ishlatib keladi. Masalan, 2023 yilda Unplugged Performance kompaniyasi modifikatsiya qilingan Tesla Model Y avtomobillarini Kaliforniya shtatidagi Anaxaym shahri politsiyasiga sotgan. 2024 yilda kompaniya bir qator politsiya boshqarmalaridan Cybertruck yo‘ltanlamaslariga buyurtmalar tushganini ma’lum qildi. Tesla kompaniyasi bosh direktori Ilon Mask ham avtomobildan politsiya mashinasi sifatida foydalanish g‘oyasini ma’qullamoqda.

Mavzuga oid